Fargʻonada isitish mavsumi boshlandi
Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan obʼektlarga tabiiy gaz yetkazib berilishi toʻxtatilishi, boshqa muqobil yonilgʻi turlaridan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berilishi mumkin.

2025 yil 29 oktabr kunidan Fargʻonada turar joylar, korxonalar, muassasalar va ijtimoiy inshootlarda isitish mavsumi boshlandi.
Bunda Fargʻona viloyati gidrometeorologiya markazi va Sogʻliqni saqlash boshqarmasining xatlari inobatga olingan.
Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari X.Dolimov, “Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ (Saydaliyev), “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti filiali
(Abdumajidov)ga sinov isitish ishlari boshlanishi munosabati bilan viloyat “Issiqlik manbai” IChDB, shaharlardagi issiqlik korxonalari va boshqa viloyat korxonalarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan belgilangan parametrlarda taʼminlab berish chora-tadbirlarini koʻrish vazifasi topshirilgan.
Bunda viloyatdagi ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan obʼektlarga tabiiy gaz yetkazib berilishi toʻxtatilishi, boshqa muqobil yonilgʻi turlaridan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berilishi mumkin.
Shuningdek, har bir muassasalarda kuz-qish mavsumi davomida yaratilgan koʻmir zaxirasini sifatli saqlash, havo haroratini inobatga olgan holda koʻmir, koʻmir briketi, tabiiy gaz va elektr energiyasidan oqilona foydalanish doimiy nazoratga olinadi.
Kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarga belgilangan miqdorda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, koʻmir yoqilgʻisi yetkazib berilishini nazorat qilinadi, tarmoqlarda noqonuniy foydalanuvchilar aniqlanadi va ularga belgilangan tartibda keskin choralar koʻriladi.