Butun dunyoga tanilgan ekofaol Samarqandni oʻziga kashf qildi
Afrikalik Tsepo velosipedlarni yigʻish, taʼmirlash va keng foydalanishni targʻib qilish boʻyicha dovruq qozongan.

Lesotoda yashovchi 29 yoshli Tsepo Nkxabuni koʻpchilik hamshaharlari taniydi. Qotmadan kelgan bu yigitcha, bir qarasangiz, oq koʻylak va galstukda qayoqqadir shoshib ketayotgan boʻladi. Bir qarasangiz, ustiga kir kiyimlar ilib olib, axlatxonada, temir-taqalar orasida ivirsib yurgan boʻladi. Uning asl mashgʻuloti va kasbi haqida har xil gaplar yuradi. Aeroportda ishlovchi bir xodimning aytishicha, har oyda Tsepo xorijdan qandaydir yuklar qabul qilar emish. Ora-sira xorijga ham chiqib kelar emish...
Haqiqat shuki, Tsepo Nkxabu – ekofaol yoshlar yetakchisi. Tabiatni asrash, ekologiyaga zarar keltiruvchi omillarga qarshi kurash loyihalari bilan shugʻullanadi. U Hands of Life Cycling nodavlat-notijorat tashkilotiga rahbarlik qiladi.
Tsepo kashf etgan sirli diyor
Lesoto – Afrikadagi mitti davlatcha. Janubiy Afrika Respublikasining (JAR) ichida joylashgan anklav. Har tomoni JAR bilan oʻralgan. Aholisi 2,5 millionga yaqin. Aksariyat fuqarolari dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Moddiy imkoniyatlari ham oʻziga yarasha.
.jpg)
Tsepo Nkxabu joʻgʻrofiy va iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan ushbu moʻʼjaz davlatda tugʻilgani va yashayotganidan oʻkinmaydi. Boshqa ayrim afrikalik yoshlar kabi boy va farovon Gʻarbga koʻchib ketish haqida ham oʻylamaydi. Faqat ish yuzasidan yoki sayohat maqsadida borib keladi xolos.
Kuz fasli kirib kelgan kunlarda Tsepo oʻz faoliyati sharofati bilan yana bir gʻaroyib mamlakatni oʻzi uchun kashf qildi. YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi unga notanish boʻlgan, Oʻzbekiston degan uzoq bir Osiyo mamlakatida oʻtkazilishini eshitib, oʻsha yerga borish ishtiyoqi bilan yona boshladi. Shu bois, mazkur tadbir doirasida oʻtkaziladigan Yoshlar forumi asosan iqlim oʻzgarishlari va unda yoshlar ishtiroki masalasiga bagʻishlanishini eshitib, Tsepo ham oʻz tashabbuslari va loyihalari bilan qatnashishni istadi. Aslida oxirgi 40 yil davomida muttasil Parij shahrida oʻtkazib kelinayotgan bu yirik xalqaro tadbir uchun nega aynan shu notanish mamlakat tanlanganidan ajablanib, qiziqishi yanada ortdi. Bu qanday mamlakat ekanki, 194 aʼzo-davlat ichidan ayni shu yurtga bunday ishonch va imtiyoz nasib etgan boʻlsa, degan savolga javob topishga urindi. Nihoyat oktabr oyining 27-sanasida bu tadbir uchun Samarqand shahriga kelib, toʻgʻri qaror qabul qilganidan mamnun boʻldi.
– Men iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq loyihalar ustida ishlayman, – deya oʻzini tanishtiradi Tsepo. – YuNESKO yoshlar forumiga kelishimizning asosiy sababi – dunyodagi yoshlar iqlim harakatlari bilan qanday shugʻullanayotganini koʻrish, iqlim tahdidlari bilan qanday kurashayotgani va ularning yechimlari bilan tanishish edi. Shuningdek, forumda hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilamiz va Buyuk Britaniya tomonidan qanday koʻmak olishimiz mumkinligini oʻrganamiz, – deydi Tsepo.
Lesotolik ushbu ekofaolning aytishicha, u “Mandela Vashington” stipendiyasi sohibi. Maʼlumot oʻrnida, “Yosh afrikalik yetakchilar uchun “Mandela Vashington” stipendiyasi (The Mandela Washington Fellowship for Young African Leaders ) – AQSh hukumati tomonidan ilgari surilgan “Yosh afrikalik yetakchilar tashabbusi” (YALI – Young African Leaders Initiative) dasturining asosiy dasturi hisoblanadi. 2014 yilda taʼsis etilgan bu stipendiya Afrika mamlakatlaridan qariyb 7,800 yosh yetakchini AQShga ilmiy va yetakchilikka tayyorlash uchun taklif qilgan. Stipendiya ishtirokchilari, yoshi 25 dan 35 gacha boʻlganlar, oʻz jamoalari va mamlakatlarida faol innovatsion ishlar va yetakchilik qobiliyatlari bilan ajralib turadi.
.jpg)
Savobli ishning katta-kichigi boʻlmaydi
– Bizning yurtimizda manzilga yetib olish uchun velosipedlardan keng foydalaniladi, – deydi Tsepo oʻz faoliyatining ahamiyatini tushuntirar ekan. – Velosipedlar salomatlik uchun ham foydali. Shu bilan birga, ular atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqarmaydi, bu tabiat uchun muhim omil hisoblanadi. Biz ilgari surayotgan tashabbuslarga kelsak, jamoamiz ekologiyaga, aniqrogʻi, chiqindilarni qayta ishlash jarayoniga hissa qoʻshish bilan shugʻullanadi. Biz velosipedlarni aholisining aksariyat qismi boy va oʻziga toʻq yashaydigan Gʻarb davlatlaridan, masalan, Yevropa yoki Amerikadan olib kelamiz. U yerlarda velosipedlar buzilsa yoki eskirsa, boshqa foydalanishmaydi va tashlab yuborishadi. Eski texnikalar chiqindi sifatida koʻpincha daryolarga tashlanadi yoki axlat maydonlarini band qilib yotadi. Biz bunday eski velosipedlarni yigʻamiz va Afrikaga olib kelib qayta ishlatamiz. Ularni taʼmirlab, minishga yaroqli holga keltiramiz. Baʼzilarini maktablarga, ijtimoiy xodimlarga va talabalarga bepul hadya qilamiz. Chunki velosipedlarni tayyorlashda ishlatilgan plastmassa qismlar, boʻyoqlar va boshqa kimyoviy moddalar yerga tushsa, yillab chirimaydi va tuproqni zaharlaydi. Biz esa bu velosipedlarga yangi hayot bagʻishlab, yana odamlar xizmatiga qaytaramiz. Ular yangi velosiped sotib olishga moliyaviy imkoniyati yoʻq kambagʻal va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga juda asqotadi. Velosipedlarni yana “hayotga qaytarish” uchun tabiatdan ancha kam resurs sarflanadi. Agar shaharlarimizdagi transport muammosiga qarasak, avtomobillar yoʻllarda koʻp joy egallaydi, tirbandliklar paydo qiladi, tabiatni zaharlaydi. Ammo velosipedlar sogʻlom va xavfsiz jamiyatni qoʻllab-quvvatlaydi, – deydi Tsepo.
.jpg)
Ehtimol, xorijdan eski va yaroqsiz velosipedlarni olib kelib, biroz taʼmirlab odamlarga tortiq qilish global ekologik harakatga qanday ulush qoʻshadi, degan savol tugʻilishi ham mumkin. Bunday “arzimas” va nooriginal tashabbus bilan YuNESKOdek tashkilotni “bezovta” qilish, undan qandaydir moddiy va maʼnaviy koʻmak soʻrash ham nomaqbuldek tuyulishi mumkin. Bu savollarga Tseponing oʻzi bir ajoyib misol bilan javob beradi.
– Toʻgʻri, dunyodagi ekologik muammolar juda ulkan va dahshatli. Men boshlagan tashabbus bilan bu muammoga arzimas ulush qoʻshayotganim ham toʻgʻri. Ammo, eng muhimi, men befarq qolmayapman. Qoʻlimdan kelganini qilyapman, oʻz bilim va tajribam, imkoniyatlarim doirasida bu ulkan jarayonga kichik boʻlsa-da, hissa qoʻshayotganimdan mamnunman. Agar har bir inson hech boʻlmasa oʻz atrofidagi kichik muammolarni hal qilsa, boshqalar ham shunday yoʻl tutsa, sayyoramiz tabiati ancha tozalanadi, – deya oʻz faoliyatiga izoh beradi u.

“Oʻzgarishlarni oʻzimizdan boshlashimiz kerak”
Tsepo shahar rejalashtirish sohasida ham faoliyat yuritadi. Bu faoliyati ekologik talablarga muvofiq shaharsozlikni tiklash, xavfsiz shahar ekotizimini yaratish, sifatli infratuzilma, chiqindilarni boshqarish, aloqa va infratuzilma masalalari bilan chambarchas bogʻliq. Ammo tinib-tinchimas Tsepo bu bilan cheklanmaydi. U oʻziga oʻxshagan, tabiatga va odamlarning muammolariga befarq boʻlmagan yoshlarni atrofida toʻplab, ularga dalda va maslahatlar beradi. Ekologik tashabbuslarni moliyalashtirish uchun grant olish maqsadida donor tashkilot va davlatlar nomiga arizalar yozish va hujjatlar yigʻish borasida ham oʻz bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashadi. Grantlar uchun dasturlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda yoshlarga bosh-qosh boʻladi. Grant olgan faollar yoki nodavlat-notijorat tashkilotlar uchun mablagʻlarni boshqarish, sarflash va hisobotlar tayyorlash borasida begʻaraz yordamini ayamaydi.

– Chunki bu borada tajribam katta, – deydi Tsepo. – Bu kabi tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun koʻp moliyaviy koʻmak olganman. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturidan grantlar olganman, mamlakatimizdagi AQSh elchixonasi grantlari, shuningdek, boshqa tashkilotlardan mablagʻlar olib, oʻz joyiga sarflash tajribasiga egaman. Samarqandda oʻtgan forumda qatnashib, yanada ulkan tajriba va bilimga ega boʻldim. Hammaslaklarim bilan fikr almashdim, muhokamalarda qatnashdim, – deydi Tsepo mamnuniyat bilan.
Nazarimizda, afrikalik bu yigitchaning faoliyat tarixi sayyoramiz yoshlari uchun ibrat va namuna boʻlishga arziydi. Tseponing faoliyatidan olinadigan xulosa shuki, bu dunyoni nomukammal deb yozgʻirish va norozi boʻlishdan foyda yoʻq. Dunyoni oʻzgartirish uchun intilish, bu oʻzgarishni esa avvalo oʻzimizdan boshlashimiz lozim. Ana shunda bu goʻzal olam insoniyat uchun yanada qulay maʼvoga aylanadi. Ana shunda bizdan keyin keladigan avlod ham tabiat va inson hayoti uygʻunlashgan goʻzal jamiyatni meros qilib oladi...
Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus