platina.uz
Jamiyat

BAAda “energetik neytral masjid” qurilyapti

Samarqanddagi yoshlar forumiga kelgan BAAlik ekofaol Platina.uz saytiga bu haqda toʻliq maʼlumot berdi.

BAAda “energetik neytral masjid” qurilyapti

Dunyo boʻylab rivojlangan mamlakatlarda urbanizatsiya jarayoni vaqt sayin kuchayib hamda tezlashib bormoqda. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarida ham zamonaviy, koʻp qavatli inshootlar bunyod etish, biroq bu orqali tabiatga oʻzgartirishlar kiritish jarayoni jadal surʼatlarda rivojlanmoqda.

Maʼlumki, dunyo boʻyicha uglerod chiqindilarining taxminan 39 foizi qurilish va binolar sohasiga toʻgʻri keladi. BAAda bu koʻrsatkich yanada yuqori.

Shu bilan birga, havo transportidan qoladigan uglerod izlari, suv resurslarining cheklangani, baliqlarning ortiqcha ovlanishi, chiqindilar hajmining tez oʻsishi, havo ifloslanishi, tuproqning degradatsiyasi va choʻllanish jarayoni – bularning barchasi mamlakat uchun jiddiy ekologik xavf tugʻdiradi.

BAAda har bir kishi hisobiga toʻgʻri keladigan ekologik, suv va uglerod izlari dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi. Buning sababi – mamlakatning issiq va quruq iqlimi, katta miqdordagi energiya sarfi hamda koʻplab mahsulotlarning import vositasida keltirilishi bilan izohlanadi.

Bugungi kunda BAAdagi ekologik muammolarni kam deb boʻlmaydi. Mamlakat tez iqtisodiy oʻsish va global isish oqibatlari bilan bir paytda toʻqnash kelmoqda. Shu sababli, atrof-muhitni muhofaza qilish va uning barqaror rivojlanishi masalalari hukumat siyosatida ustuvor yoʻnalishga aylangan.

Tez surʼatlardagi urbanizatsiya, aholi sonining ortishi, energiya va suvga boʻlgan talabning koʻpayishi bilan bogʻliq jarayonlar atmosferaga chiqindilarning oshishiga olib kelmoqda. Bu esa mamlakat oldiga yangi ekologik vazifalarni qoʻymoqda.

Yechim bor: barqaror rivojlanish sari

BAA 2050 yilgacha uglerod chiqindilarini nol darajaga yetkazish maqsadini qatʼiy belgilagan. Mamlakat hukumati sanoat sohalarini qayta jihozlash va “zero” chiqindi” tamoyiliga rioya etilgan binolar qurishga katta ahamiyat bermoqda.

Shuningdek, BAA qumli hududlarda choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha milliy strategiya ishlab chiqqan – u xalqaro darajada tasdiqlangan va global hujjatlarga moslashtirilgan.

BAA bu jarayonlarda tez iqtisodiy oʻsish va tabiatni muhofaza qilish oʻrtasidagi muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Bu yoʻlda mamlakat yosh faollari ham faol ishtirok etmoqda.

Shunday yosh ekologik faollardan biri – Asma Banafa – Birlashgan Arab Amirliklarining faol fuqarosi va tabiat himoyachisi boʻlib faoliyat yuritadi. U soʻnggi paytlarda bir qator xalqaro iqlim tashabbuslarida ishtirok etdi. Banafa 27-28 oktabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YuNESKOning XIV Yoshlar forumida ham oʻz gʻoyalari va takliflarini butun dunyodan kelgan maslakdosh va tengdoshlari hukmiga havola etdi.

“Oʻzbekistonda tashkil etilgan YuNESKOning 14-yoshlar forumida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh yetakchilar bir joyga jamlanib, barqaror kelajak yaratishda innovatsiya yoshlarga qanday yordam berishi mumkinligini muhokama qilishdi.

Biz toʻrt oy davom etgan intensiv ishchi sessiyalar orqali yoshlar iqlim boʻyicha duch kelayotgan muammolarni tahlil qildik, ularni hal etish boʻyicha tashabbuslar va tavsiyalar ishlab chiqdik.

Bu tavsiyalarda yoshlarni yechim topish jarayonining markaziga qoʻyish, ularni yetakchi sifatida koʻrish gʻoyasi ilgari surildi. Asosiy tavsiyalarimiz ruhiy sogʻlik, taʼlim va raqamli tenglik masalalariga qaratilgan.

Birlashgan Arab Amirliklari har doim innovatsiya va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga intiladi. Bu – mamlakatning asosiy siyosiy va strategik vazifasining bir qismi hisoblanadi. Yoshlar faqat ishtirokchi emas, balki oʻzgarishlar yetakchisi sifatida koʻriladi.

Bundan tashqari, BAAning iqlim sohasidagi tashabbuslari dunyo miqyosida tan olingan. Masalan, soʻnggi COP28 konferensiyasi Dubayda oʻtkazildi. Shuningdek, mamlakat yoshlar uchun atrof-muhit elchilari dasturini joriy qilgan – bu yosh avlodni iqlim va tabiat muhofazasi jarayonlariga faol jalb etadi.

Menimcha, bu forum orqali yoshlar tashabbuslari yanada kuchayadi. Yoshlar boshchiligidagi harakatlar koʻpayib, ularning taʼsiri va ovozi global darajada eshitiladi.

Biz ishonamizki, bunday nufuzli xalqaro anjumanlarda yoshlarning fikrlari inobatga olinadi, ularning tavsiyalari amaliy qarorlar asosiga aylanadi. Shuningdek, jahon miqyosida innovatsiya va barqaror rivojlanish markazlarini tashkil etish, mintaqalar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash ham muhim”, dedi Banafa.

Avvalo, BAA barqarorlik va iqlim oʻzgarishi masalalarida jamoatchilik orasida keng axborot kampaniyalarini oʻtkazadi, yoshlarni amaliy yechimlar taklif etishga undaydi.

Mamlakatda koʻplab mukofotlar, loyihalar va “hakafon”lar tashkil etiladi, ayniqsa taʼlim sohasida. Gʻolib boʻlgan yoshlar loyihalari davlat yordami bilan amaliyotga joriy etiladi. Bu yosh iqlim yetakchilarini qoʻllab-quvvatlashning samarali usulidir.

Toʻgʻri, BAAda urbanizatsiya juda yuqori. BAAda choʻl hududlarida koʻplab binolar va zamonaviy infratuzilmalar barpo etilgan. Biroq mamlakat barqaror rivojlanish siyosatini faol amalga oshirmoqda. Jumladan, qurilishlarda “yashil meʼmorchilik” standartlari joriy etilgan, suv resurslarini tejash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish tizimi yoʻlga qoʻyilgan, mahalliy ekotizimni muhofaza qilish boʻyicha maxsus dasturlar amalga oshirilmoqda.

Asma Banafa

Shuningdek, BAA mintaqada tabiat va texnologiya oʻrtasidagi muvozanatni saqlash boʻyicha yetakchi davlat sifatida namunali tajriba yaratmoqda. Bu nafaqat mamlakatning oʻzi, balki butun Yaqin Sharq uchun ham muhim yoʻnalishdir.

“Biz har bir binoga asos solar ekanmiz, har bir yangi shahar manzarasini yaratayotgan paytimizda, ekologik laboratoriyalar sonini koʻpaytirish va barqaror loyihalarni amalga oshirishga ham eʼtibor qaratyapmiz.

Hozirgi kunda BAA oʻz infratuzilmasiga barqaror yondashuvni chuqurroq joriy etish strategiyasini qabul qilgan. Masalan, mamlakatda dunyodagi eng yirik quyosh energiyasi maydoni mavjud.

Shuningdek, “vodorod sanoati pilot dasturi” deb nomlangan tashabbus bor. U sement va poʻlat ishlab chiqarish sohalaridagi ikki tajriba loyihasini qoʻllab-quvvatlaydi va ularni BAAning vodorod energetikasi boʻyicha milliy yoʻl xaritasiga moslashtirishni koʻzlaydi.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya dasturlari doirasida quyosh energiyasiga asoslangan energiya saqlash tizimlari yaratilayotgan boʻlib, bu mamlakatning “toza energiya tashabbusi” bilan hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, yangi binolar qurilishida ham barqaror meʼmorchilik tamoyillari qoʻllanilmoqda. Masalan, hozir qurilish jarayonida boʻlgan “Net Zero masjidi” – yaʼni atmosferaga zararli chiqindi chiqarmasdan ishlaydigan masjid – shunday loyihalardan biridir. Bu mamlakatdagi ilk “energik neytral” diniy binolardan boʻladi”, deya umid bildiradi BAA ekofaollarining vakili Asma Banafa.

Darhaqiqat, Asmaning ishontirishcha, BAA tabiat va texnologiya oʻrtasidagi muvozanatni topa olgan. Masalan, Dubayda dengizda yangi sunʼiy orollar barpo etilayotgan paytda, ular bilan bir vaqtda suv hayvonot olamini muhofaza qilish tadbirlari ham amalga oshiriladi – dengiz belkalari va boshqa jonzotlar yangi suv qoʻriqxonalariga koʻchiriladi.

Hozirgi kunda buni mamlakat boʻylab koʻrish mumkin – har bir amirlik hududida dengiz va yovvoyi tabiat qoʻriqxonalari tashkil etilmoqda. Shuningdek, ayrim hududlarda hayvonot bogʻlari va qishloq xoʻjaligi sohasidagi barqaror inshootlar ham rivojlanib bormoqda.

Mazkur jihatlar inobatga olinsa, BAA nafaqat zamonaviy shaharlar qurishda, balki tabiatni muhofaza qilish va qayta tiklashda ham texnologik taraqqiyot va tabiatni avaylash oʻrtasidagi muvozanatni top olgan davlat deyish uchun asoslar bor deyish mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid