Yaponiya xalqaro hamkorlik banki Oʻzbekistonga 1,45 milliard dollar ajratadi
Mablagʻlar Samarqand yaqinida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini oʻz ichiga olgan ikki inshoot qurilishiga yoʻnaltiriladi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik banki Oʻzbekistonga 1,45 milliard dollar ajratadi.
Ajratiladigan mablagʻlar Samarqand yaqinida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini oʻz ichiga olgan ikki inshoot qurilishiga yoʻnaltiriladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) Oʻzbekistondagi qayta tiklanuvchi energiya loyihalari uchun taxminan 1,45 milliard dollarlik hamkorlikdagi moliyalashtirish paketini tayyorlamoqda, deb xabar beradi Nikkei nashri. Ushbu qadam Tokio iqtisodiy taʼsirini Markaziy Osiyoda mustahkamlashga qaratilgan.
Ajratiladigan mablagʻlar Samarqand yaqinida joylashgan ikkita quvvat ishlab chiqarish inshooti qurilishiga yoʻnaltiriladi. Ushbu inshootlarda quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlari birlashtiriladi. Komplekslarning umumiy quvvati 1 000 megavattni tashkil etadi, bu esa ularni mamlakatdagi eng yirik “yashil energiya” loyihalaridan biriga aylantiradi.
Loyihada Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi (51 foiz ulush) hamda yaponiyalik hamkorlar — Sumitomo Corp., Chubu Electric Power va Shikoku Electric Power ishtirok etmoqda.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki ushbu loyihada ishtirok etayotgan moliyaviy institutlar orasida eng yirigi sifatida 635 million dollarlik kredit ajratadi. Qolgan mablagʻlar Sumitomo Mitsui Banking Corp. va Norinchukin Ba kabi xususiy banklar tomonidan taʼminlanadi, hamda Nippon Export and Investment Insurance (NEXI) loyiha xavflarini sugʻurtalaydi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda Oʻzbekiston va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki oʻrtasida uch yillik hamkorlik dasturi imzolangan boʻlib, u yapon kompaniyalari loyihalarini davlat kafolatisiz moliyalashtirishni nazarda tutadi.
Yaʼni, agar loyiha muvaffaqiyatsiz boʻlsa yoki qarz qaytarilmasa, Oʻzbekiston hukumati bu qarz uchun javobgar boʻlmaydi. Masʼuliyatni faqat oʻsha loyihada ishtirok etayotgan xususiy kompaniyalar oʻz zimmasiga oladi.