Samarqandda global tadbir boshlandi
Mazkur konferensiya 40 yil ichida ilk marta Parijdan tashqarida oʻtkazilmoqda. Unda 6000dan ziyod delegat mehmonlar ishtirok etadi.

Samarqandda YuNESKOning XIV yoshlar forumi oʻz ishini boshladi. Mazkur tadbir YuNESKOning 30 oktabrdan 13 noyabrgacha boʻlib oʻtadigan 43-sessiyasi oldidan oʻtkazilyapti.
Kecha ochilgan forum YuNESKO hamda Oʻzbekiston hukumati hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, “Iqlim harakati va uning ijtimoiy taʼsiri, ayniqsa, yoshlar uchun” mavzusiga bagʻishlangan. Forumning asosiy maqsadi – yoshlarning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishdagi faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini global darajada ilgari surish va birgalikda barqaror kelajakni shakllantirishdan iborat.
Tadbirning ochilish marosimi “Harakat avlodi” (Generation of Action) shiori ostida oʻtkazildi. Forum ishtirokchilari – 140 dan ortiq davlatlardan kelgan yosh rahbarlar iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbuslar va innovatsion yechimlar, shuningdek, yoshlar rolini xalqaro iqlim siyosati shakllantirishdagi ahamiyatini muhokama qilishmoqda.
Tadbirda YuNESKO bosh direktori oʻrinbosari, Oʻzbekiston hukumati vakillari va Nigeriya, Misr, Ispaniya, Boliviya, Braziliya va boshqa davlatlardan yosh rahbarlar ishtirok etishyapti. Forum doirasida ishtirokchilar uchun Icebreaker interaktiv tanlovi, “Bagʻrikenglik kemasi” xalqaro sanʼat loyihasi, shuningdek, Samarqandga ekskursiyalar tashkil etilgan, u yerda mehmonlar shaharning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishadilar.
Eslatib oʻtamiz, YuNESKOning Yoshlar forumi 1999 yili BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YuNESKO) tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro platforma hisoblanadi. Uning maqsadi – yoshlarning YuNESKO Bosh konferensiyasida muhokama qilinadigan global ahamiyatga molik masalalarga yechimlar ishlab chiqishda ishtirok etishini taʼminlashdan iborat. Forum har ikki yilda bir marta, Bosh konferensiya sessiyasi oldidan oʻtkaziladi va dunyoning turli mamlakatlaridan faol yosh rahbarlarni bir joyga jamlaydi. Forum davomida ishtirokchilar tajriba almashadi, dolzarb vazifalar, hamkorlik takliflari va tavsiyalarni muhokama qilishib, YuNESKOga aʼzo davlatlarga taqdim etishadi.
Maʼlumki, YuNESKOning 2023 yil noyabr oyida Parijda oʻtkazilgan Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi natijalariga koʻra, 43-sessiyani 2025 yilda Samarqandda oʻtkazish haqida tarixiy qaror qabul qilingan edi. Bu qaror tashkilotga aʼzo boʻlgan 194 ta davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.
Taʼkidlash kerak, mazkur konferensiya 40 yil ichida ilk marta Parijdan tashqarida oʻtkazilmoqda. Unda 6000dan ziyod delegat mehmonlar ishtirok etadi, jahonning yetakchi OAVlarini tamsil etuvchi 500 dan ziyod jurnalistlar tomonidan yoritib boriladi.
YuNESKO Bosh konferensiyasini Samarqandda oʻtkazish, Oʻzbekistonning jahon madaniyati va taʼlimiga qoʻshgan hissasini eʼtirof etishdan tashqari, tarixiy va madaniy merosni saqlashning ahamiyatiga eʼtibor qaratadi. Ushbu konferensiya xalqaro darajada madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qilish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, Oʻzbekiston jahon madaniyati va ilm-fani markaziga aylanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Yurtimiz avval “Buyuk ipak yoʻli” doirasida Gʻarb va Sharqni bogʻlagan boʻlsa, bugungi kunga kelib xalqaro madaniy va ilmiy munosabatlarda ham yetakchi oʻringa chiqayotganining ifodasi boʻladi.
Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus