QQS bilan bilan bogʻliq firibgarlik sabab 35 ming dollar soʻragan hisobchi ushlandi
U mazkur ishni Soliq qoʻmitasining katta inspektori orqali hal qilmoqchi boʻlgan.

QQS bilan bogʻliq firibgarlik holati fosh etildi.
Muqaddam soliq idoralarida faoliyat yuritgan, hozirda Toshkent shahridagi transport va logistika xizmatlari koʻrsatuvchi MChJda hisobchi boʻlib ishlayotgan shaxs oʻzining sobiq hamkasblari imkoniyatlari orqali, boʻyoq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MChJga 17 mlrd soʻmlik qoʻshilgan qiymat soligʻining manfiy farq summasini qaytarish hamda uning toʻxtatilgan QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berish evaziga 35 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda xodim MChJ taʼsischisidan 20 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan hisobchi va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida u oʻzining qoʻshtirnoq ichidagi xolis yordamini Soliq qoʻmitasining katta inspektori orqali hal qilishi kerakligi aniqlanib, mazkur davlat xizmatchisi ham jinoyat ishiga gumonlanuvchi sifatida jalb etildi.