OʻFA Roʻziqul Berdiyevning soʻzlari boʻyicha surishtiruv oʻtkazadi
Murabbiyning “Neftchi” chempion boʻlishi ortida turgan kishilar" boʻyicha soʻzlari muhokamaga sabab boʻldi.

OʻFA "Nasaf" klubi bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi ishtiroki yuzasidan surishtiruv oʻtkazadi.
2025 yil 26 oktabr kuni oʻtkazilgan OKMK hamda "Nasaf" klublari oʻyinidan soʻng boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Roʻziqul Berdiyevning bildirgan fikrlari futbol jamoatchiligi orasida keng muhokamalarga sabab boʻldi.
"Kim chempion boʻlishini mavsum oxiri koʻrsatadi. Lekin koʻpchilik “Neftchi”ga koʻproq baho beryapti. Biz qarab turmaymiz, biz yaqinmiz. Biz anchadan beri magʻlubiyatsiz kelyapmiz. Chempionlikka loyiqmiz. Shu surʼatda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
“Neftchi”ning qanchalik harakat qilayotganini siz OAV xodimlari ham yaxshi bilib turibsizlar. Menimcha, “Neftchi” buni amalga oshirsa, ortdagi insonlar koʻproq qahramon boʻladi, shekilli. Agar “Neftchi” chempion boʻlsa, qahramonlikni maydondan izlamanglar. Bu meni fikrim", degandi Berdiyev.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur holat yuzasidan oʻrganish va surishtiruvlarni oʻtkazishi hamda unga huquqiy baho berishini bildirgan.