platina.uz
Jamiyat

Narkotiklar aylanmasi bilan bogʻliq vaziyat ogʻirlashyotgani rostmi?

9 oyda jami 1 tonna 555 kilogramm giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qoʻyilgan.

Narkotiklar aylanmasi bilan bogʻliq vaziyat ogʻirlashyotgani rostmi?

Narkotiklarning noqonuniy tarqalishi jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi omillardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo miqyosidagi kabi Oʻzbekistonda ham ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi kurash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. 2025 yilning birinchi 9 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonun ustuvorligini taʼminlashdagi saʼy-harakatlari natijasida koʻplab jinoyatlar fosh etildi hamda yuzlab kilogramm giyohvandlik vositalari mamlakat hududiga noqonuniy kirib kelishining oldi olindi.

Joriy yilning 9 oyi davomida respublika boʻyicha giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni kontrabanda yoʻli bilan olib kirishga urinish bilan bogʻliq 348 ta jinoyat aniqlangan. Bu jarayonda jami 1 tonna 555 kilogramm giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qoʻyilgan.

Mazkur holatlar mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida tizimli chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda. Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari orqali narkotik moddalarga qarshi kurashishdagi dolzarb masalalarni keng yoritish va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini jamoatchilikka yetkazish maqsadida Prezident adminstratsiya huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi tomonidan “Narkotiklarning noqonuniy tarqalishiga qarshi kurash” mavzusida matbuot safari tashkil etildi.

“Navoiy” chegara bojxona posti

Mazkur postda yil boshidan buyon 5 ta holatda 18,4 kg giyohvandlik vositalari hamda 2 ta holatda 201 gramm psixotrop moddalar aniqlangan.

2025 yil 6 avgust kungi misolda, Qozogʻistondan kelgan fuqaro F.A. boshqaruvidagi “Honda Elysion” rusumli avtoulovda maxsus tayyorlangan oshxona stoli ichiga yashirilgan 7,9 kg “alfametadol” sintetik giyohvandlik vositasi topilgan.

Shuningdek, 10 sentabr kuni fuqaro A.E. boshqaruvidagi “Gentra” rusumli yengil avtomobili akkumulyatori ichiga joylashtirilgan 683 gramm “mefedron” sintetik vositasi aniqlangan.

“Elektron tijorat” TIF bojxona posti

Pochta orqali kontrabanda qilishga urinish holatlari ham kuzatilmodqa. Joriy yilning 9 oyi davomida 20 ta pochta joʻnatmasi orqali 18 kg giyohvandlik moddalarini qabul qilgan 3 ta jinoiy guruh aʼzolari qoʻlga olingan. Tadbirlar davomida 2 ta yashirin laboratoriya fosh etilgan.

Masalan, 2025 yil 28 iyul kuni Rossiya fuqarosi nomiga yuborilgan yumshoq mebel ichida 994 gramm “mefedron” topilgan.

Markaziy bojxona laboratoriyasi

9 oyida sud ekspertiza yoʻnalishida giyohvandlik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi modda deb shubha qilingan 485 ta murojaat asosida 452 214 ta obʼektlar boʻyicha ekspertizalar oʻtkazilgan.

Natijada 15 682 ta obʼekt boʻyicha 73,3 kg giyohvandlik vositalari; 142 604 ta obʼekt boʻyicha 288,1 gramm psixotrop moddalar; 272 571 ta obʼekt boʻyicha 706,1 kg kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aniqlangan.

Milliy kinologiya markazi

Kinologik xizmatlar ham giyohvandlikka qarshi kurashda muhim rol oʻynamoqda. Joriy yilning 9 oyida Milliy kinologiya markazida maxsus tayyorlangan xizmat itlari yordamida 244 ta holatda 1 tonna 179 kg tabiiy giyohvandlik vositalari, 14 ta holatda 42,6 kg sintetik moddalar, 70 ta holatda 43,6 kg psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aniqlandi.

Shu bilan birga, 197 nafar kinologlar “Boshlangʻich tayyorgarlik”, “Qayta tayyorlash” va “Malaka oshirish” oʻquv kurslarida bilim va malakasini oshirishdi. Ular “Giyohvandlik vositalarini qidirish” hamda “Sintetik giyohvandlik vositalarini qidirish” yoʻnalishlarida tayyorgarlik koʻrishdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid