Mirzaobod tumani sobiq hokimi Jonibek Yariyev jinoiy javobgarlikka tortildi
U Sardoba suv omboridagi toshqindan jabr koʻrgan oilalar uchun qurilgan uylarni belgilangan tartibga zid ravishda, mahalliy kengash qarori va davlat orderisiz taqsimlagan.

Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy javobgarlikka tortildi.
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani sobiq hokimi Jonibek Yariyev mansab vakolatini suiisteʼmol qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Maʼlumotlarga koʻra, u Sardoba suv omboridagi toshqindan jabr koʻrgan oilalar uchun qurilgan uylarni belgilangan tartibga zid ravishda — mahalliy kengash qarori va davlat orderisiz taqsimlab yuborgan. Bu orqali davlat va jamiyat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
Sud hukmiga koʻra, Jonibek Yariyev Jinoyat kodeksining 205-moddasi (mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) boʻyicha aybli deb topildi. U 2,5 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi. 2 yil muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi. Ish haqining 20 foizi davlat daromadiga undiriladi.
Shuningdek, 105 baravar BHM miqdorida jarima tayinlandi. Sirdaryo viloyat sudi kassatsiya tartibida hukmni oʻzgarishsiz qoldirdi.
Jonibek Yariyev 2020 yil noyabr oyida Mirzaobod tumaniga hokim etib tayinlangandi. 2023 yil oktabr oyida u lavozimidan ozod etilgan va uning oʻrnini Sarvar Sultonov egallagandi.