Luvrdagi oʻgʻirlik sabab bir necha kishi qoʻlga olindi
Gumonlanuvchilardan biri Parij yaqinidagi aeroportda mamlakatdan ketayotganda ushlangan. Rasmiylar shubhali shaxslarni ularning DNK namunalaridan foydalangan holda aniqlashgan.

Parijdagi Luvr muzeyida sodir boʻlgan zargarlik buyumlari oʻgʻirligi boʻyicha gumonlanuvchilar qoʻlga olindi.
Parij prokuraturasining maʼlum qilishicha, ulardan biri mamlakatdan chiqib ketmoqchi boʻlgan paytda ushlangan.
Oʻtgan hafta oʻgʻrilar kunduzi sodir etilgan reyd chogʻida Luvr muzeyining Apollon galereyasini nishonga olib, bir necha daqiqa ichida oʻnlab million yevroga teng zargarlik buyumlari bilan qochib ketishgan. Shundan soʻng oʻgʻirlikda gumonlanuvchilarni qoʻlga olish uchun oʻnlab tergovchilar ishga jalb qilingan.
Fransiya OAVlari avval ushbu hibslar haqida xabar bergan boʻlib, politsiyaga tanish boʻlgan, oʻttiz yoshlar atrofidagi ikki erkak qoʻlga olingan.
BFMTV maʼlumotiga koʻra, rasmiylar gumonlanuvchilarni ularning DNK namunalaridan foydalangan holda aniqlashgan. Har ikkisi Parij chekkasidagi Obervile shahridan boʻlib, ulardan biri aynan shu yerda qoʻlga olingan. Oʻgʻirlikka aloqador deb gumon qilinayotgan kamida yana ikki kishi hozircha qidiruvda qolmoqda.
Parij prokurori Lor Bekuoning soʻzlariga koʻra, “qoʻlga olingan erkaklardan biri Parij yaqinidagi Rosi aeroportidan (Sharl de Goll aeroporti deb ham ataladi) mamlakatdan chiqib ketishga hozirlanayotgan edi.” Maʼlumotlarga koʻra, u Jazoirga kechki reys bilan uchishidan oldin pasport tekshiruvi vaqtida ushlangan.
Prokuror hibsga olinganlar sonini ham, oʻgʻirlangan zargarlik buyumlaridan birortasi topilgan-topilmaganini ham tasdiqlamadi.
Oʻtgan hafta oxirida oʻgʻrilar Luvr muzeyining yuqori qavatida joylashgan Apollon galereyasiga bostirib kirishgan. Bu xonada Fransiya toj zargarlik buyumlari saqlanadi. Ular muzeyning eng bezakli zallaridan biri boʻlgan ushbu galereyaga yuk mashinasiga oʻrnatilgan narvon yordamida derazadan kirishgan.
Prokuror Lor Bekuo ilgari Fransiya radiosiga bergan intervyusida, muzeydan oʻgʻirlangan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 88 million yevro (taxminan 102 million dollar) atrofida ekanini aytgan. U, shuningdek, oʻgʻirlikda aybdorlarni aniqlash va qoʻlga olish uchun taxminan 100 nafar tergovchi jalb qilinganini maʼlum qilgan.