platina.uz
Iqtisod

Yil boshidan buyon aholi daromadlari 18,4 foizga oʻsdi

Oltin-valyuta zaxiralari oʻtgan yilga nisbatan 35 foizga koʻpayib, 55 milliard dollarga yetdi. Prezident yigʻilishida 2026 yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Yil boshidan buyon aholi daromadlari 18,4 foizga oʻsdi

27 oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yil uchun moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar muhokama qilindi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyotimiz prognozdan ancha yuqori surʼatda – 7,6 foizga oʻsdi. Sanoat hajmi 6,8 foiz, qurilish – 14,2 foiz, xizmatlar – 14 foiz, qishloq xoʻjaligi – 4,1 foizga oshdi.

Oltin-valyuta zaxiralari oʻtgan yilga nisbatan 35 foizga koʻpayib, 55 milliard dollarga yetdi. Nufuzli xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz iqtisodiy istiqbollarini yuqori baholamoqda. “Fitch Ratings” ilk bor mamlakatimiz suveren reytingini bir pogʻonaga oshirgan boʻlsa, “Modyyʼs” va “S&P Global” oʻz kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga oʻzgartirdi.

– Eng muhimi, erishilgan natijalar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilyapti, – dedi davlatimiz rahbari.

Aholi daromadlari 18,4 foizga, omonatlar 35,3 foizga, oʻrtacha ish haqi esa 19,2 foizga oʻsdi. Soʻrovlar aholi va biznes oʻrtasida ishonch muhiti kuchayganini, yangi ish oʻrinlari va daromad manbalari kengayayotganini koʻrsatmoqda.

Prezident yuqori oʻsish surʼatlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi boʻlishini qayd etdi.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar koʻrib chiqildi.

Mutasaddilar kelgusi yilda oʻsish surʼatini 6,6 foiz darajasida taʼminlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion soʻm yoʻnaltirish, inflyatsiyani 7 foizdan ortiq boʻlmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.

Prezidentimiz bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini taʼkidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy eʼtibor qaratishi zarur boʻlgan muhim masalalarni koʻrsatib oʻtdi.

2026 yilgi byudjet loyihasida asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qolayotgan sharoitda byudjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish shartligi qayd etildi.

Prezident taʼkidlaganidek, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon boʻladi.

Bunda strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning dividend siyosatini tartibga solish, subsidiya va imtiyozlarning natijadorligini tahlil qilib, samarasi past boʻlganlarini bekor qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tuman va shahar byudjetlarining daromadlarini koʻpaytirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga oʻtish zarurligi qayd etildi.

Vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalarida toʻplangan qoldiqning yarmini alohida jamgʻarmaga oʻtkazish va ushbu mablagʻlarni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yoʻnaltirish topshirildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, 2026 yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid