platina.uz
Jamiyat

SSV "gʻayriodatiy infeksiya" tarqalayotgani boʻyicha izoh berdi

Oʻtkir respirator virusli infeksiyalar mavsumiy xarakterga ega boʻlib, kuzda harorat pasayishi bilan kasallanish koʻrsatkichlari birmuncha ortadi. Vazirlik bu borada xavotirlarni "oʻrinsiz" deb atadi. 

SSV "gʻayriodatiy infeksiya" tarqalayotgani boʻyicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar orasida mavsumiy oʻtkir respirator virusli kasalliklarga oʻxshash, lekin ich ketish va qayt qilish simptomlari boʻlgan infeksiya tarqalayotgani bilan bogʻliq xabarlar eʼlon qilindi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holatlar yuzasidan izoh berib oʻtdi.

Havo-tomchi yoʻli orqali yuqadigan oʻtkir respirator virusli infeksiyalar mavsumiy xarakterga ega boʻlib, kuzda harorat pasayishi bilan kasallanish koʻrsatkichlari birmuncha ortadi.

Kuzatuvlarga koʻra, shamollash mavsumining boshlanishi odatda avgust oyi oxiri va sentabr oyiga toʻgʻri keladi. Joriy yilda esa bu muddat biroz kechroq — oktabr oyining oxirgi 10 kunligida boshlandi. Yaʼni bu ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotganidek, hech qanday gʻayriodatiy holat emas, deyiladi vazirlik bayonotida.

Baʼzida respirator belgilar yoʻtalish, aksirish, burun achishishi, tana harorati koʻtarilishi bilan kuzatilsa, ayrim bemorlarda oshqozon-ichak tizimining buzilishi tarzida namoyon boʻladi. Demak, bu xastaliklar har doim ham bir xil kechmaydi va mazkur holat virusning shtammlari bilan bogʻliq.

Yana bir muhim jihatni esdan chiqarmaslik kerak. Bir paytning oʻzida bakterial va virusli infeksiyalar avj olishi qayd etilmaydi. Yaʼni mikroorganizmlar olamida shunday bir jarayon borki, biri ikkinchisining koʻpayishiga yoʻl qoʻymaydi.

"Mavsumiy respirator kasalliklar avj olishini koronavirus mutatsiyasi sifatida baholash ham mutlaqo oʻrinsiz. Qolaversa, bugunga kelib COVID-19 oddiy respirator infeksiyaga aylanib ulgurgan. Hozirgi paytda mamlakatimizda koronavirus boʻyicha vaziyat barqaror", deyiladi xabarda.

Aytish joizki, hozirda tibbiyot muassasalarida oʻtkir respirator virusli infeksiyalarni davolash uchun zarur oʻrin-joy va dori-darmon zaxiralari yaratilgan. Yurtimizdagi epidemik vaziyat muntazam monitoring qilib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligida alohida shtab tuzilib, unga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi vakillari, soha olimlari, tizim mutasaddilari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan onalik va bolalikni muhofaza qilishga masʼul mutaxassislar jalb qilingan.

Shu oʻrinda ota-onalarga kasallik belgilari kuzatilgan farzandlarini oʻz vaqtida oilaviy shifokor koʻrigiga olib borish tavsiya etiladi.

"Umuman, Oʻzbekistonda epidemiologik vaziyat barqaror. Shu bois hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq", deya xulosa qiladi vazirlik.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid