Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistonga keladi
Sammitlar doirasida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etiladi.

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich joriy haftada Oʻzbekistonga keladi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning boshlangan ish haftasidagi rejalari boʻyicha maʼlumot berildi.
Bugun davlat rahbari joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yilga moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazadi.
Kunning ikkinchi yarmida Prezident AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor va AQSh Davlat kotibining oʻrinbosari Kristofer Landauni qabul qiladi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston tarixiy tadbir – YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini qabul qilmoqda. Prezidentimiz Samarqandga tashrif buyurib, ilk bor Parij shahridan tashqarida oʻtkazilayotgan anjumanning ochilishida ishtirok etadi, madaniyat, ilm-fan va taʼlim sohalaridagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha tashabbuslarni ilgari suradi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.
Bundan tashqari, joriy haftada mamlakatimizga Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb tashrif bilan keladi. Sammitlar doirasida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Prezident noyabrda AQShga borishi kutilmoqda.