Moped va skuterlar egalari uchun “prava” olish yengillashtiriladi
Talabgor istagiga koʻra oʻquv kurslarida onlayn yoki oflayn shaklda oʻqish yoxud mustaqil tayyorlanish huquqi beriladi.

Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarini boshqarishga ruxsat berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Yangi qarorga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun yangi “A1” kichik toifali haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi. Endi talabgorlarga majburiy oʻquv kursisiz (ham nazariy 180 soat, ham amaliy mashgʻulotlarsiz 20 soat) toʻgʻridan-toʻgʻri imtihon topshirish huquqi beriladi. Talabgor istagiga koʻra oʻquv kurslarida onlayn yoki oflayn shaklda oʻqish yoxud mustaqil tayyorlanish huquqi beriladi.
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun oʻqishni tugatganlik haqida alohida guvohnoma talab etilmaydi. “A”, “B”, “C” va “D” toifadagi haydovchilik guvohnomasi egalari “A1” kichik toifadagi transport vositalarini toʻgʻridan-toʻgʻri boshqarishga haqli boʻladi.
“A1” kichik toifa haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta testdan 16 tasiga toʻgʻri javob topish kifoya. Amalda bu 18 ta edi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga “A1” kichik toifasidagi guvohnoma beriladi.
2026 yil 1 fevraldan “A” va “B” toifalar uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash boʻyicha majburiy oʻquv dasturining nazariy qismini mustaqil oʻzlashtirish huquqi beriladi.
Talabgorlar nazariy bilimlarni onlayn/oflayn kurslar orqali yoki oʻz mustaqil tayyorgarligi asosida oʻzlashtirishi mumkin. Amaliy mashgʻulotlarni haydovchilarni tayyorlash yoki qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv tashkilotlarida toʻliq oʻtash shart.
Amaliy mashgʻulotlarni toʻliq tamomlab, ijobiy baholangan talabgorlarga nazariy va amaliy imtihonni toʻgʻridan-toʻgʻri topshirish huquqi beriladi. Bunda ulardan oʻquv kursini tugatganlik haqida alohida guvohnoma talab etilmaydi.
Endi talabgorlar 3-4 oy davomida oʻquv markazlarida oʻqimaydi. Bu orqali qimmatli resursi hisoblangan vaqt tejaladi. Ular qancha tez oʻzlashtirsa, guvohnoma uchun imtihonni topshirish imkoniga ega boʻladi.
Oʻquv markazlarining talabgorlar uchun beradigan xulosasi bunga yetarli boʻladi. Oʻz navbatida, bozorda bu boʻyicha talablar ham oshib, 1 haftalik, 1 oylik kurslar taklifi paydo boʻladi.
Yana bir yangilik talabgorlarning oʻqish vaqtiga oid. Yaʼni, endilikda “A” va “B” toifali haydovchilarni tayyorlashda guruhlarni YHXXda roʻyxatdan oʻtkazish talabi bekor qilinadi.
Amaldagi tartibga koʻra, oʻquv markazlari guruh toʻlgandan soʻng, uni roʻyxatdan oʻtkazishi lozim. Endilikda talabgor oʻziga qulay vaqtda oʻqish imkoni mumkin boʻladi. Natijada uning ortiqcha vaqti ketmaydi, oʻzi istagan vaqtdan oʻqishni boshlaydi.