Maktab direktori va oʻrinbosarlari faoliyat samaradorligiga qarab ragʻbatlantiriladi
Ularga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra har oylik ustamalar toʻlanadi, tizim 100 ballik koʻrsatkich asosida baholanadi.

Maktab direktori va uning oʻrinbosarlari faoliyat samaradorligi moddiy ragʻbatlantiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 21 oktabrdagi tegishli qarori qabul qilindi. Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Unga koʻra:
- umumtaʼlim muassasasining direktori va uning oʻrinbosarlariga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) natijasiga koʻra har oylik ustamalar toʻlanadi;
- umumtaʼlim muassasalarining direktori va uning oʻrinbosarlari faoliyatining samaradorligi umumtaʼlim muassasasining quyidagi belgilangan koʻrsatkichlariga muvofiq 100 ballik tizimda baholanadi:
- akademik natijalar;
- noakademik natijalar;
- tarbiyaviy ishlar samaradorligi;
- moliyaviy faoliyat samaradorligi;
- malakali oʻqituvchilar bilan taʼminlanganlik darajasi;
-koʻrsatkichlar boʻyicha baholash metodikasi va tartibi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
- Direktorlar kengashlarida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim muassasasi direktorlariga bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foiz har oylik ustamalar toʻlanadi.
Shuningdek, qaror asosida:
- oʻz faoliyatida ijobiy natija koʻrsatgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foizgacha ragʻbatlantiriladi;
- umumtaʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan oʻqituvchilarga ularning taʼrif stavkasining 50 foizi miqdorida bir martalik toʻlov toʻlanadi.