Toshkentda 144 tup daraxt kesib tashlandi
Daraxtlar poytaxt hokimi oʻrinbosari B.Rahmonovning topshirigʻiga asosan obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tunda kesilgani aytilgan.

Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablari zid ravishda kesib tashlandi.
Ijtimoiy tarmoqlari orqali 25 oktabr kuni tunda daraxtlar kesilayotgani holati Ekologiya vazirligi inpeksiyasi tomonidan oʻrganilgan.
Oʻrganishda Toshkent shaxar Yakkasaroy tumani Nukus koʻchasi va Bobur koʻchasi kesishmasidan boshlab, Bobur koʻchasi boʻylab avtomobil yoʻli yonidagi jami 144 tup daraxt (Mojjevelnik) kesib ketilganligi aniqlandi.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, ushbu daraxtlar Toshkent shaxar hokimi oʻrinbosari B.Rahmonovning oʻsib turgan daraxtlar oʻrniga boshqa daraxtlar ekish toʻgʻrisidagi topshirigʻiga asosan obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan.
Bu Prezident Farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi.
25 oktabrdan daraxtlar kesilgan hududda manzarali daraxtlar ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Aniqlangan holatlar boʻyicha aybdorlarga tegishli jazo koʻrish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga yuborish choralari koʻrilmoqda.
Avvalroq Jizzaxda fuqaro tabiatga 435 mln soʻmlik zarar yetkazgandi.
Jami 19 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib ketilgan.