DXX katta miqdordagi xorij valyutalarini toʻxtatib qoldi
Bekobodda yashovchi shaxs 18,7 mln Rossiya rubli, 140 700 tojik somoni va 180 000 000 oʻzbek soʻmini qoʻshni davlatga noqonuniy olib chiqishni maqsad qilgan.

Toshkent viloyatida katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini Tojikistonga noqonuniy olib chiqilishiga chek qoʻyildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida, Bekobod shahrida joylashgan «Farhod» chegara bojxona posti orqali valyuta qimmatliklarini Tojikiston Respublikasiga noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Jumladan, Bekobod shahrida yashovchi, 1991 y.t. shaxs 18 680 300 Rossiya rubli, 140 700 tojik somoni va 180 000 000 oʻzbek soʻmini qoʻshni davlatga noqonuniy olib chiqish maqsadida, ularni qismlarga ajratgan holda, tashmachi vazifasini bajaruvchi 34 nafar fuqaroga boʻlib beradi.
Oʻz navbatida, mazkur fuqarolar moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu pul mablagʻlarini Tojikistonga oʻtkazib berish uchun «Farhod» chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtlarida toʻxtatib qolinib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Shuningdek, tezkor tadbir vaqtida chegara bojxona posti yaqinida boʻlgan bekobodlik shaxsning «Treker» rusumli avtotransport vositasi koʻzdan kechirilganda, unda ham Tojikiston Respublikasiga olib oʻtishga moʻljallab, oʻramlarga ajratib qoʻyilgan, jami 13 538 305 Rossiya rubli, 24 107 tojik somoni, 885 yevro, 300 AQSh dollari, 300 xitoy yuani, 6840 qirgʻiz somi hamda 10 207 000 oʻzbek soʻmi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Tezkor tadbir davomida olingan pul mablagʻlarining milliy valyutadagi umumiy qiymati 5 mlrd 200 mln soʻmdan ortiqni tashkil etadi.
Hozirda bekobodlik fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari davomida valyuta qimmatliklarining haqiqiy egalarini aniqlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.