platina.uz
Jamiyat

Uch viloyatda 11 kgdan oshiq giyohvand moddalar aniqlandi

Urgutda yashovchi shaxs Tojikistondan qariyb 9 kg “opiy” moddasini olib oʻtayotganda chegarachilardan qochib ketgan. Soʻngra u qoʻlga olindi. 

Uch viloyatda 11 kgdan oshiq giyohvand moddalar aniqlandi

Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida jami 11 kg dan ortiq narkotik moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1998 y.t. shaxs belgilangan tartibni buzib, aylanma yoʻllar orqali Tojikiston Respublikasidan 8 kg 860 gr “opiy” moddasini kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimiz hududiga olib oʻtgan vaqtida, “oʻzbek-tojik” davlat chegarasini qoʻriqlayotgan DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilarining toʻxtash haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmasdan, giyohvandlik vositasini tashlab, nomaʼlum tomonga qochadi.

Ammo, buzoqni yugurgani somonxonagacha deganlaridek, koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ogʻufurush qoʻlga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Urgut tumanida yashovchi, 1966 y.t. shaxs uning jinoiy sherigi ekanligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlandi.

Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa, Denov tumanida yashovchi, 1969 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tekshirilganda, uning yonida 31 gr. “opiy” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

Shundan soʻng, u ajal ogʻusini Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 y.t. fuqarodan sotib olganligi aniqlanib, mazkur narkosavdogarning yashash xonadonidan ham 1 kg 483 gr “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, 1952 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gr “gashish” moddasini xaridorga 14 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokurʼerlar tomonidan yurtimizga aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid