Toshkentda byudjetdan 18,6 mlrd soʻm ajratiladi
Ushbu mablagʻning katta qismi asosiy va ichki koʻchalarni yoritish tizimini rekonstruksiya qilishga sarflanadi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi mablagʻ ajratish boʻyicha qarorni imzoladi. Qaror 2024 yil 24 oktabr kuni chiqarilgan.
Unga koʻra, Respublika byudjetining 2025 yil ikkinchi chorak yakuni boʻyicha daromadlar rejasining oshirib bajarilishidan Toshkent shahar mahalliy byudjetiga oʻtkazib berilgan qismi hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetining 2025 yil ikkinchi chorak daromadlar rejasidan oshirib bajarilgan qismi hisobidan ilovaga muvofiq xarajatlarni moliyalashtirish uchun 18,6 mlrd soʻm ajratiladi.
Mablagʻlar quyidagi tartibda sarflanadi: Sergelida asosiy va ichki koʻchalarni yoritish tizimini rekonstruksiya qilish ishlari uchun 5 mlrd soʻm sarflanadi, Yangihayotda ham shu maqsadda 5 mlrd soʻm, Bektemirda 4,9 mlrd soʻm sarflanadi.
Toshkent shahar davlat bogʻchalarida gidrokollektorlar oʻrnatishdagi xarajatlar uchun 3,2 mlrd soʻm beriladi.
Avval Andijonda viloyat byudjetidan qariyb 23 mlrd soʻm ajratilishi maʼlum boʻlgandi.
Pullar viloyat byudjetining 2025 yil 3-chorak yakunlari boʻyicha orttirib bajarilgan qismidan taqdim etiladi.