Tailandda qirolicha vafoti sabab bir yillik motam eʼlon qilindi
Ona qirolicha Sirikit 93 yoshida vafot etdi. U qirol oilasida katta taʼsirga ega shaxslardan edi.

Tailandda ona qirolicha Sirikit 93 yoshida vafot etdi. Mamlakatda bir yillik motam eʼlon qilindi.
U 17 oktabrdan beri qon infeksiyasidan aziyat chekayotgan edi, biroq tibbiy jamoaning barcha saʼy-harakatlariga qaramay, ahvoli yaxshilanmagan.
Qirollik maishiy ishlari byurosi maʼlum qilishicha, u Bangkokdagi shifoxonada vafot etgan.
Soʻnggi yillarda sogʻligʻi yomonlashgani sababli u jamoatchilik hayotida deyarli koʻrinmagan. Uning eri — qirol Bhumibol Adulyadej — 2016 yil oktabr oyida vafot etgan edi.
Marhum eri va oʻgʻlining soyasida qolganiga qaramay, Sirikit oʻz shaxsiy obroʻ-eʼtiboriga ega, xalq tomonidan juda sevimli va taʼsirli shaxs edi.
Qirolicha Sirikitni davlatning ijtimoiy yordamga muhtoj qismini qoʻllab-quvvatlab, anʼanalarga amal qilinishida ahamiyati katta edi.
Uning portretlari butun Tailand boʻylab uylar, idoralar va jamoat joylarida osilgan, 12 avgust — uning tugʻilgan kuni esa Tailandda “Onalar kuni” sifatida nishonlanadi. Uning faoliyati kambagʻal kambodjalik qochqinlarga yordam berishdan tortib, mamlakatning oʻrmonlarini vayron boʻlishdan saqlab qolishgacha boʻlgan sohalarni qamrab olgan.
Ammo Tailandda soʻnggi oʻn yilliklardagi siyosiy beqarorlik davrida monarxiyaning jamiyatdagi roli tobora koʻproq tanqid ostiga olinishi bilan, qirolichaning oʻzi ham diqqat markazida boʻldi.
Sirikit Kitiyakara 1932 yil 12 avgustda Bangkokda boy, zodagon oilada tugʻilgan. Oʻsha yili mutlaq monarxiya oʻrniga konstitutsiyaviy tizim joriy etilgan edi. Uning ota-onasining har ikkalasi ham hozirgi Chakri sulolasining avvalgi qirollari bilan qarindosh boʻlgan.
16 yoshida Parijda, musiqa va tillarni oʻrganayotgan paytida, Tailandning yaqindagina taxtga chiqqan qirolini uchratgan.
Ular 1950 yilda turmush qurdi, va oʻsha yilgi toj kiydirish marosimida ikkalasi ham “Siam (Tailand) xalqi manfaat va baxti uchun adolat bilan hukmronlik qilishga” qasamyod qilishdi.
Ularning toʻrt farzandi bor: hozirgi qirol Maha Vajiralongkorn hamda malikalar Ubolratana, Sirindhorn va Chulabhorn.