Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarni yakunladi
Mamlakat "land-locked", yaʼni dengiz portlariga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatdan bosqichma-bosqich "land-linked" davlatga, yaʼni Yevropa va Osiyo bozorlarini bogʻlovchi koʻprikka aylanishi kutilyapti.

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarni yakunladi.
Oʻzbekistonning tashqi siyosati izchillik va tizimlilikka asoslangan. Uning mazmun-mohiyati – Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhitini mustahkamlashdan tortib, Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi kabi jahon markazlari hamda boshqa ittifoqdosh va hamkorlar bilan strategik sheriklikni rivojlantirishdir,deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Asosiy tamoyil oʻzgarmas: Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlarni xalqimizning milliy manfaatlari va ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda shakllantirmoqda. Tashqi siyosatdagi har bir qadam fuqarolar farovonligini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va yurtimiz imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Davlat rahbarining Bryusselga tashrifi bu siyosatning navbatdagi amaliy ifodasi boʻldi. Yevropa Ittifoqi komissari Marta Kos Prezidentimizga murojaat qilar ekan, "Oʻzbekiston yangilanishlar surʼatini belgilayapti" va "Siz – azmu shijoatli insonsiz", dedi. Bu soʻzlar shunchaki diplomatik iltifot emas, balki islohotlar natijasiga berilayotgan haqiqiy baho, Oʻzbekistonning jahon siyosatidagi yangi rolining eʼtirofidir. Tashrif formatining oʻziyoq, bir vaqtning oʻzida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar oʻtkazilgani muloqotning strategik darajasini va Prezidentimizga boʻlgan yuksak ishonchni yaqqol namoyon etdi.
Tashrifning asosiy natijasi Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi boʻldi. Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini yangilab, siyosat, savdo, investitsiyalar, taʼlim, innovatsiyalar, iqlim masalalari hamda inson huquqlari borasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. 10 milliard yevrodan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi, qoʻshma loyihalarning umumiy portfeli esa 40 milliard yevrodan oshdi. Bu mamlakatimiz uchun yangi investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar, minglab ish oʻrinlari va inson kapitalining rivojlanishi demakdir.
Oʻzbekiston oʻz geografik joylashuvini murakkab masaladan ustunlikka aylantirmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston "land-locked", yaʼni dengiz portlariga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatdan bosqichma-bosqich "land-linked" davlatga, yaʼni Yevropa va Osiyo bozorlarini bogʻlovchi koʻprikka aylanmoqda. Transport yoʻlaklari, sanoat va logistika zanjirlari, raqamli integratsiyani rivojlantirish orqali Yevroosiyo makonidagi asosiy chorrahalardan biri sifatida sahnaga chiqmoqda. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralar ham yakunlandi. Bu Oʻzbekistonning barqaror va ishonchli xalqaro iqtisodiy sherik sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi, deya taʼkidlanadi xabarda. Z