Tungi klub oldida janjal koʻtargan shaxs 8 yildan oshiqqa qamaldi
U raqibiga kuchli zarba berib, komaga tushirib qoʻygandi. Taqiqlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida A. Sh. (1995 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlandi.
Sudning hukmiga koʻra A. Sh. Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
A. Sh.ga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, shu yil mart oyida 30 yoshli A.Shukurov tanishini himoya qilishga uringan shaxsga kuchli zarba berib, komaga tushirib qoʻygandi.
Voqea joyidan qochib yashiringan zoʻravon koʻp oʻtmay Qozogʻistonda qoʻlga olingandi.