Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi
Bu bitim Oʻzbekistonga Yevropa bozorlarini kengroq ochishi, tadbirkorlarga bojxona ishini soddalashtirishi va boshqa yengilliklarni koʻzda tutadi.

Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohida Oʻzbekiston-Yevropa sammiti boʻlib oʻtdi. Yetakchilar huzurida Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Bu bitim Oʻzbekistonga Yevropa bozorlarini kengroq ochishi, tadbirkorlarga bojxona ishini soddalashtirishi, toʻsiqlarni kamaytirishi, yurtimizga Yevropa investitsiyalari oqimini erkinlashtirishi, talabalarimiz, mutaxassislar va tadbirkorlar uchun viza talablarini soddalashtirishi, yoshlarimizning Yevropada oʻqishiga koʻproq imkon yaratishi kutilmoqda.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KShHTB) amaldagi — 1999 yil 1 iyulda kuchga kirgan Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻrnini bosishi kerak. Yangi hujjat boʻyicha muzokaralar 2018 yil iyul oyida boshlangan.
Dastlab Toshkent uni 2020 yilda imzolashni rejalashtirgandi, biroq pandemiya bu jadvalni oʻzgartirgan. 2022 yil iyul oyida tomonlar hujjat matnini tasdiqlagandi.
Bitim 9 ta boʻlim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va taʼlim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishiga alohida eʼtibor qaratgan holda barcha oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi.
Bitimning imzolanishi Oʻzbekiston va YI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi hamda koʻp qirrali sheriklikni misli koʻrilmagan yuksak darajaga olib chiqadi.