Oʻzbekiston va YeI bitimi: u nima uchun muhim?
Bitim 1996 yildagi hujjatni almashtiradi. Hujjat erkin bozor tamoyillarini mustahkamlash, bojxona va texnik toʻsiqlarni kamaytirish, xizmatlar savdosini erkinlashtirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya oqimini ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.

Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim ikki tomonlama munosabatlarning strategik yoʻnalishini belgilab berdi.
Bu hujjat, eng avvalo, Oʻzbekiston iqtisodiyotini zamonaviy global tizimga integratsiya qilish va Yevropa bozorlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Bitim 1996 yildagi hujjatni almashtirib, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Uning asosiy mazmuni - iqtisodiy pragmatizm va amaliy natija. Hujjat erkin bozor tamoyillarini mustahkamlash, bojxona va texnik toʻsiqlarni kamaytirish, xizmatlar savdosini erkinlashtirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya oqimini ragʻbatlantirishni nazarda tutadi.
Ekspertlar fikricha, mazkur Bitim Oʻzbekiston uchun Yevropa bozorlariga keng yoʻl ochib, milliy ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirish va eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Bitim Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlaridan foydalanishni kengaytiradi va mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik jarayonini tezlashtiradi. Bu Oʻzbekiston mahsulotlarining Yevropa bozorlariga teng raqobat asosida chiqishi uchun huquqiy va institutsional zamin yaratadi.
Hujjat, shuningdek, “yashil iqtisodiyot”, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni koʻzda tutadi. Yevropa Ittifoqi fondlari orqali moliyalashtiriladigan ekoproyektlar va “Horizon Europe”, “Erasmus+” kabi dasturlarda ishtirok qilish imkoniyati Oʻzbekiston iqtisodiyotining texnologik yangilanishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislar taʼkidlamoqda: yangi Bitim Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlarini siyosiy emas, amaliy iqtisodiy mazmunda qayta formatlaydi.
U nafaqat savdo hajmini oshirish, balki Yevropa investitsiyalari, innovatsiyalar va texnologiyalarini mamlakat iqtisodiyotiga olib kirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, Bitim inson huquqlari, ochiq boshqaruv va qonuniylik sohalaridagi hamkorlikni ham qamrab oladi. Biroq bu elementlar islohotlarni qoʻllab-quvvatlovchi yordamchi yoʻnalish sifatida koʻrilmoqda. Asosiy ustuvor vazifa - Oʻzbekiston iqtisodiyotini raqobatbardosh, diversifikatsiyalashgan va barqaror modelga aylantirishdir.
Bitimning amalga oshirilishi Oʻzbekistonni Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi strategik iqtisodiy koʻprikka aylantiradi. “Global Gateway” tashabbusi doirasida transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim - bu siyosiy ramz emas, amaliy iqtisodiy strategiya. U Oʻzbekiston uchun Yevropa investitsiyalari, yangi texnologiyalar va eksport imkoniyatlariga yoʻl ochib, mamlakatning iqtisodiy mustaqilligi va barqaror rivojlanishini taʼminlaydi.