Donald Tramp Putinga boʻlgan siyosatini keskin oʻzgartirdi
Vengriyada boʻlib oʻtishi kutilayotgan uchrashuv bekor qilindi, Rossiya yirik kompaniyalari sanksiyaga uchradi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvni bekor qildi va yangi sanksiyalarni eʼlon qildi.
Donald Tramp Vashingtonda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashdi. Muzokaralar chogʻida Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan avvalroq rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilganini maʼlum qildi.
Amerika rahbarining soʻzlariga koʻra, bu qarorga muzokaralarda istiqbol yoʻqligi sabab boʻlgan:
"Men xohlagan natijaga erisha olmaganimizni his qildim. Vladimir bilan har bir suhbat yaxshi taassurot qoldiradi, lekin hech narsa amalga oshmaydi".
Tramp kelajakda ham shunday uchrashuv boʻlishini istisno etmadi.
Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi Rosneft, Lukoyl neft kompaniyalari va ularning shoʻba korxonalariga qarshi yangi sanksiyalarni eʼlon qildi. Departamentning taʼkidlashicha, bu "Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish bildirmasligi" bilan bogʻliq.
Trampning Mark Ryutte bilan uchrashuvidagi asosiy bayonotlari:
- Trampning fikricha, Rossiya butun Ukraina ustidan nazorat oʻrnatishga intilmoqda.
- Vashington NATO davlatlariga qurol sotadi, lekin Ukrainaga emas.
- Ukraina, Trampning soʻzlariga koʻra, Rossiyaga chuqur zarbalar berish uchun faqat Yevropa raketalaridan foydalanmoqda.
- AQSh prezidenti mojaro tomonlarini “oldingi chiziqdagi pozitsiyalarini toʻgʻrilab, harbiy harakatlarni toʻxtatishga” chaqirdi.
- Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar “uzoq davom etmasligiga” umid bildirdi.
- Xitoy yetakchisi Si Szinpin mojaroni hal qilishda muhim rol oʻynashi mumkin.