platina.uz
Iqtisod

Chakana savdo qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi

Bu qoida sotuvchilarning sunʼiy ravishda narxni oshirib, keyin uni chegirma sifatida taqdim etib, isteʼmolchini chalgʻitishiga chek qoʻyadi.

Chakana savdo qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi

Oʻzbekistonda chakana savdo qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra, (https://lex.uz/docs/7782935) agar sotuvchi tovarning chegirmagacha boʻlgan narxini koʻrsatsagina, bu "chegirma" deb hisoblanadi. Aks holda, bu shunchaki tovar narxini arzonlashtirish sifatida baholanadi.

Bundan tashqari, chegirmada koʻrsatilgan, chegirma narxgacha boʻlgan narx (qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan tashqari) chegirma eʼlon qilingunga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narx boʻlishi kerak. Bu qoida sotuvchilarning sunʼiy ravishda narxni oshirib, keyin uni chegirma sifatida taqdim etib, isteʼmolchini chalgʻitishiga chek qoʻyadi.

Ragʻbatlantiruvchi aksiyalarni oʻtkazishda ham sotuvchilarga aniq talablar qoʻyilmoqda. Birinchidan, sotuvchi aksiya eʼlon qilinganda uning shartlarini, jumladan, amal qilish muddati, tovarlar nomi, miqdori va sotib olish shartlarini isteʼmolchilarga aniq va tushunarli tarzda yetkazishi shart. Ikkinchidan, aksiya eʼlon qilingandan soʻng uning shartlarini oʻzgartirish yoki tovar narxi haqida notoʻgʻri maʼlumot berish qatʼiyan taqiqlanadi.

Chegirma yoki aksiya ommaviy tadbir tarzida oʻtkazilsa, mavjud tartib-taomillarga rioya qilinishi, vakolatli idoralardan ruxsatnoma olinishi kerak boʻladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid