AQSh harbiylari giyohvand moddalar tashishda gumon qilingan kemaga kuchli zarba berdi
Natijada uch kishi halok boʻlgan. Prezident Tramp bu hujumlarni qoʻllab-quvvatlab, giyohvandlik kartellarini “qonundan tashqaridagi jangchilar” deb atagan.

AQSh harbiylari giyohvand moddalar tashishda gumon qilingan kemaga toʻqqizinchi zarbani uyushtirib, bortdagi uch kishining barchasini oʻldirdi.
Prezident Tramp bu hujumlarni qoʻllab-quvvatlab, giyohvandlik kartellarini “qonundan tashqaridagi jangchilar” deb atagan.
AQSh Kolumbiya qirgʻogʻi yaqinida giyohvand moddalar tashuvchi kemalarga qarshi oʻtkazilgan halokatli hujum bilan kurash choralarini kengaytirdi.
“Al-Qoida qanday bizning yurtimizga qarshi urush olib borgan boʻlsa, bu kartellar ham bizning chegaramiz va xalqimizga qarshi urush olib bormoqda,” — dedi AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset. “Ular uchun panoh ham, kechirim ham boʻlmaydi — faqat adolat boʻladi” - deya qoʻshimcha qildi Mudofaa vaziri.
Vazir giyohvand moddalar tashishda gumon qilinayotgan shaxslarni “bizning yarim sharimizdagi ‘Al-Qoida” deb atadi.
Soʻnggi zarbalar AQShning ilgari Karib dengizida amalga oshirilgan yetti hujumidan farq qiladi. Tramp maʼmuriyatining giyohvand moddalar tashuvchi kemalarga qarshi reydlari natijasida hozirga qadar kamida 37 kishi halok boʻlgan.
Oʻtgan oy boshlangan ushbu hujumlar AQSh harbiy kuchlarining nishon hududini kengaytirganini hamda dunyodagi eng yirik kokain ishlab chiqaruvchilardan biri boʻlgan Janubiy Amerika qirgʻoqlariga eʼtibor qaratilayotganini koʻrsatadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu zarbalarni qoʻllab-quvvatlab, Qoʻshma Shtatlar giyohvandlik kartellari bilan “qurolli mojaroda” ishtirok etayotganini taʼkidladi hamda bu jinoyatkor tashkilotlarni “qonunsiz jangchilar” deb eʼlon qildi. U bunday harakatni sobiq prezident Jorj V. Bush maʼmuriyati terrorizmga qarshi urushda qoʻllagan huquqiy asosga tayangan holda amalga oshirmoqda.
Zarbalar haqidagi postlarida Tramp noqonuniy giyohvand moddalar va kemalarda tashilayotgan giyohvand modda - fentanyl AQSh fuqarolariga zahar singari taʼsir koʻrsatib kelayotganini takror-takror taʼkidlagan.
Chorshanba kungi soʻnggi qayiq hujumi haqida soʻralganda, Tramp “bizda huquqiy vakolat bor. Buni amalga oshirishga ruxsat etilganmiz”, — deb taʼkidladi.
Shu bilan birga, zarbalarning qonuniyligi borasidagi xavotirlar ortib bormoqda — ikki siyosiy partiya vakillaridan iborat AQSh qonunchilari Trampning Kongressdan ruxsat olmasdan yoki batafsil maʼlumot bermasdan harbiy amaliyotlarga buyruq berishiga eʼtiroz bildirishmoqda.
Chorshanba kuni Tramp bilan birga chiqish qilgan davlat kotibi Marko Rubio bunday zarbalarni himoya qilib, shunday dedi: “Agar odamlar giyohvand moddalar tashiydigan qayiqlarning portlashini koʻrishni istamasa, unda AQShga giyohvand moddalar yuborishni toʻxtatsin.”