platina.uz
Jahon

AQSh davlat qarzi 38 trillion dollarga yetdi

Bu raqam mamlakat balansida qarzning tobora tez surʼatda ortib borayotganini koʻrsatadi. Qarz yukining vaqt oʻtishi bilan ortib borishi oxir-oqibat inflyatsiyaning koʻtarilishi va xarid qobiliyati pasayishiga sabab boʻladi. 

AQSh davlat qarzi 38 trillion dollarga yetdi

AQShning davlat qarzi 38 trillion dollarga yetdi — bu pandemiyadan keyingi davrda eng tez toʻplangan 1 trillion dollarlik qarzdir.

Federal hukumatning faoliyati toʻxtab turgan bir paytda, AQShning davlat qarzi kechagi koʻrsatgichlarga koʻra, 38 trillion dollardan oshdi.

Bu raqam mamlakat balansida qarzning tobora tez surʼatda ortib borayotganini koʻrsatadi. Bu, COVID-19 pandemiyasi davridan keyingi, qarzning eng tez trillion dollargacha oshish holatidir — bu yil avgust oyida AQSh davlat qarzi 37 trillion dollarga yetgan edi.

Moliya vazirligining soʻnggi hisobotida keltirilishicha qarz summasi 38 trillion dollarga yetgan.

Prezident Jorj V. Bush davrida AQSh Moliya vazirligida xizmat qilgan va Pensilvaniya universitetining Penn Wharton Budjet direktori Kent Smetters "Associated Press" axborot agentligiga shunday dedi: "qarz yukining vaqt oʻtishi bilan ortib borishi oxir-oqibat inflyatsiyaning koʻtarilishiga olib keladi, bu esa amerikaliklarning xarid qobiliyatini pasaytiradi".

Hisobdorlik boʻyicha hukumat idorasi davlat qarzining ortib borishi amerikaliklarga qanday taʼsir qilishini bayon etadi — bunga ipoteka yoki avtomobil kreditlari kabi narsalar uchun yuqoriroq foiz stavkalari, korxonalar investitsiya uchun kamroq mablagʻga ega boʻlishi tufayli pastroq ish haqi, hamda tovar va xizmatlarning qimmatlashi kiradi.

Smenersning aytishicha, qoʻshimcha inflyatsiya jamlanib boradi va isteʼmolchilarning xarid qobiliyatini yemiradi, natijada kelajak avlodlar uchun uy-joy sotib olish maqsadiga erishish tobora qiyinlashadi.”

Tramp maʼmuriyati oʻz siyosatini hukumat xarajatlarini kamaytirishga yordam berayotganini va mamlakatning ulkan byudjet taqchilligini kamaytirishini aytmoqda. Moliya vazirligi rasmiylarining yangi tahliliga koʻra, aprel oyidan sentabrgacha boʻlgan davrda jami taqchillik 468 milliard dollarni tashkil etgan. Moliya vaziri Skott Bessent chorshanba kuni X (sobiq Tvitter) platformasidagi postida bu 2019 yildan beri eng past koʻrsatkich ekanini aytdi.

“Oʻzining dastlabki sakkiz oyida Prezident Tramp 2024 yilning shu davriga nisbatan xarajatlarni qisqartirish va daromadlarni oshirish orqali taqchillikni 350 milliard dollarga kamaytirdi,” — dedi Oq uy matbuot kotibi Kush Desai bayonotida. U, shuningdek, maʼmuriyat kuchli iqtisodiy oʻsishga, pastroq inflyatsiyaga, bojxona tushumlariga, pastroq qarz olish xarajatlariga hamda isrofgarchilik, firibgarlik va suiisteʼmollikka qarshi choralar koʻrishga intilishini qoʻshimcha qildi.

Qoʻshma Iqtisodiy Qoʻmita hisob-kitoblariga koʻra, oʻtgan yil davomida milliy qarz soniyada oʻrtacha 69 713,82 dollarga oshib borgan.

Piter G. Peterson jamgʻarmasi raisi va bosh direktori Maykl Peterson bayonotida shunday dedi:

“Hukumat ishdan toʻxtagan bir paytda qarzning 38 trillion dollarga yetgani — qonunchilar oʻzlarining asosiy moliyaviy majburiyatlarini bajarmayotganining soʻnggi tashvishli belgisi.”

U, shuningdek, “Qarz ortishi bilan foiz toʻlovlari ham oshadi, va hozir ular byudjetning eng tez oʻsayotgan qismiga aylandi. Soʻnggi oʻn yillikda biz foiz toʻlovlariga 4 trillion dollar sarfladik, ammo keyingi oʻn yil ichida bu raqam 14 trillion dollarga chiqadi. Foiz toʻlovlari kelajagimiz uchun muhim boʻlgan davlat va xususiy investitsiyalarni siqib chiqaradi, bu esa har bir amerikalik uchun iqtisodiyotga zarar yetkazadi.” - deya qoʻshimcha qildi.

AQSh qarzi 2024 yil yanvar oyida 34 trillion dollarga, iyulda 35 trillion dollarga, va noyabrda 36 trillion dollarga yetgan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid