platina.uz
Jamiyat

Toshkentda uy-joy oldi-sotdisi sezilarli darajada faollashdi

Oʻzbekiston boʻylab sentabr oyida 24,2 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 13,7 foizga koʻp. 

Toshkentda uy-joy oldi-sotdisi sezilarli darajada faollashdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, 2025 yil sentabr holatida Toshkent shahrida ikkilamchi bozordagi uy narxlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga pasaydi. Shunga qaramay, shaharda uy-joy oldi-sotdi faoliyati sezilarli darajada faollashgan. Bu haqda Pinkod xabar berdi.

Respublika boʻyicha sentabr oyida 24,2 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 13,7 foizga koʻp. Eng yuqori oʻsish Sirdaryo (+35,6%), Buxoro (+20,2%) viloyatlari va Toshkent shahrida (+31,2%) qayd etildi.

Yilning uchinchi choragida mamlakat miqyosida jami 75,5 mingta koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi amalga oshirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13,6 foizga, joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan esa 11 foizga koʻpdir.

Hududlar kesimida eng katta oʻsish Buxoro viloyatida (+27,3%), Sirdaryo viloyatida (+24,9%) va Toshkent shahrida (+19,9%) kuzatildi.

Ikkilamchi va birlamchi bozor

Sentabr oyida respublika boʻyicha ikkilamchi uy bozori narxlari oʻrtacha 0,6 foizga oshgan, yillik hisobda esa oʻtgan yilning sentabriga nisbatan 4,6 foizga yuqori boʻlgan. Eng katta narx oʻsishi Surxondaryo (+19%), Sirdaryo (+15,8%) va Jizzax (+14,5%) viloyatlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida esa ikkilamchi bozorda sentabr oyida narxlar 0,6 foizga oshgan boʻlsa-da, oʻtgan yilga nisbatan 1,7 foizga kamaygan. Eng katta pasayish Yashnobod, Mirzo Ulugʻbek va Chilonzor tumanlarida kuzatilib, oʻrtacha 4,3 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, birlamchi uy-joy bozorida narxlar oʻrtacha 3 foizga oshgan. Eng yuqori oʻsish Mirobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, oʻrtacha 5,8 foizni tashkil etdi.

Ijara bozori

Ijara bozorida esa 2025 yil sentabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining oʻrtacha narxi 1 kv.m uchun 8,5 dollarni tashkil etgan.

Eng yuqori ijara narxlari Mirabad, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan poytaxtda ijara narxlari 1,4 foizga oshgan, eng katta oʻsish esa Yunusobod, Olmazor va Mirobod tumanlarida qayd etilib, oʻrtacha 4,4 foizni tashkil etgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid