Telefonlarda soxta raqamlarni avtomatik bloklaydigan xizmat ishga tushirildi
Bu anti-spoofing texnologiyasi deb ataladi. Funksiya avtomatik tarzda barcha abonentlarda ishlaydi va bepul boʻladi.

Telefonlarda soxta raqamlarni avtomatik bloklaydigan xizmat ishga tushirildi.
Oʻzbekistondagi mobil operatorlar soxta raqamlardan qoʻngʻiroqlarni bloklaydigan, telefon firibgarligi va shaxsiy maʼlumotlarning sizib chiqishidan himoya qiladigan anti-spoofing texnologiyasi joriy etilganini maʼlum qildi.
Bu haqda Beeline, Mobiuz kabi operatorlar xabar berdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi barcha operatorlar texnologiyani joriy etayotganini maʼlum qildi.
Bu funksiya avtomatik tarzda barcha abonentlarda ishlaydi va bepul boʻladi.
Firibgarlar soxta raqamlarni bir nechta sxemalar orqali qoʻllashadi. Masalan, ular koʻpincha xorijdan qoʻngʻiroq qilib, oʻzlarini oʻzbekistonlik abonentning statsionar raqami ostida yashirishadi — tizim bu mos kelmaslikni aniqlaydi va qoʻngʻiroqni bloklaydi.
Yana bir usul — goʻyoki Oʻzbekiston mobil operatorlaridan biri nomidan, ammo xorijdan, roumingda qoʻngʻiroq qilish. Tizim real vaqt rejimida SIM-karta qaysi tarmoqda roʻyxatdan oʻtganini operator orqali tekshiradi. Agar operatorning kommutatsiya uskunasi abonent xorijiy tarmoq oʻrniga uy tarmogʻida roʻyxatdan oʻtganligini koʻrsatsa, u holda qoʻngʻiroq ham avtomatik ravishda bloklanadi.
Bunday tekshiruvlar foydalanuvchi kiruvchi qoʻngʻiroqni qabul qilishidan avval amalga oshiriladi, bu esa firibgarlik qoʻngʻiroqlarining sonini sezilarli darajada kamaytiradi va mobil aloqaning xavfsizligini oshiradi.