Shimoliy Koreya Trampning Osiyo safaridan oldin "sovgʻa" tayyorladi
KXDR besh oylik tanaffusdan soʻng ballistik raketalarni sinovdan oʻtkazdi. Bu voqea mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirdi.

Shimoliy Koreya Trampning Osiyoga safaridan oldin raketalarni sinovdan oʻtkazdi.
Shimoliy Koreya AQSh prezidenti Donald Trampning Osiyoga safari arafasida besh oylik tanaffusdan soʻng ballistik raketalarni sinovdan oʻtkazdi. Bu voqea mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirdi.
KXDR besh oylik tanaffusdan soʻng chorshanba kuni birinchi marta raketalarni sinovdan oʻtkazdi. Bu AQSh prezidenti Donald Tramp va boshqa yetakchilar Janubiy Koreyada uchrashishi kutilayotganidan bir necha kun avval sodir boʻldi.
Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreyaning Pxenyandan janubdagi hududdan bir nechta qisqa masofali ballistik raketalar uchirilganini aniqlaganini maʼlum qildi. Raketalar taxminan 350 kilometr masofani bosib oʻtgan va shimoli-sharq tomonga yoʻnalgan. Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qoʻmitasi uchish tafsilotlarini oshkor qilmagan, biroq raketalar dengizga tushmaganini bildirgan.
Qoʻmita, shuningdek, Janubiy Koreya harbiylari AQSh bilan mustahkam harbiy ittifoq asosida Shimoliy Koreya tomonidan boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday tahdidlarga javob berishga tayyorligini taʼkidlagan.
Yaponiyaning yangi bosh vaziri Sanaye Takaichi jurnalistlarga bergan bayonotida Tokio Vashington va Seul bilan yaqin aloqada boʻlib, xususan, raketa ogohlantirish maʼlumotlarini real vaqt rejimida almashayotganini aytdi. Shimoliy Koreya esa raketa uchirishlar boʻyicha darhol izoh bermadi.
Tramp hafta oxirida oʻzining ikkinchi prezidentlik muddatidagi Osiyoga ilk safariga chiqishi rejalashtirilgan. U avvalo mintaqaviy sammitda ishtirok etish uchun Malayziyaga boradi, soʻngra Yaponiyaga, undan keyin esa Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) yigʻilishida qatnashish uchun Janubiy Koreyaga yoʻl oladi. Ushbu yillik sammit mintaqaviy iqtisodiy integratsiya va savdoni rivojlantirishga qaratilgan.
Tramp sammit oldidan Xitoy rahbari Si Szinpin va Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon kabi yetakchilar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish uchun Janubiy Koreyaning Geongju shahriga tashrif buyurishi kutilayotgan edi.
Biroq Janubiy Koreya rasmiylarining aytishicha, Tramp 30 oktabrdan 1 noyabrgacha boʻlib oʻtadigan APECʼning asosiy konferensiyasida ishtirok etmasligi mumkin.