Slovakiya bosh vaziriga suiqasd qilishga uringan shaxs 21 yilga qamaldi
Bosh vazir jinoyatchini kechirganini, unga nisbatan adovati yoʻqligini maʼlum qilgan.

Oʻtgan yili mamlakatning bosh vaziri Robert Fitsoga nisbatan suiqasd qilishga uringan shaxs terrorchilik hujumida aybdor deb topilib, uni 21 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Juraj Cintula ismli gumonlanuvchi 2024 yil 15 may kuni Handlova shahrida hukumat yigʻilishidan soʻng tarafdorlari bilan uchrashayotgan bosh vazirga qarata oʻq uzgan.
Fitso qorin qismidan oʻq yeb, Handlova shahridan yaqin atrofdagi Banska Bistritsa shahridagi kasalxonaga olib ketilgan. U yerda u besh soat davom etgan jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan, ikki kundan soʻng esa yana ikki soatlik operatsiya qilingan. Hozirda u sogʻayib ketgan.
Hukm Slovakiyaning markaziy qismidagi Banska Bistritsa shahrida joylashgan Maxsus jinoyat sudi tomonidan eʼlon qilindi. Cintula va prokurorlar hali ham ushbu qarordan shikoyat qilish huquqiga ega.
72 yoshli Cintula hujumdan soʻng darhol hibsga olingan va qamoqda saqlanishi buyurilgan. Tergovchilar tomonidan soʻroq qilinganda, u oʻzini “terrorchi” deb atash ayblovini rad etgan.
Cintula esa otishma sababini hukumat siyosati kelishmovchiliklari bilan izohlagan. U Maxsus jinoyat sudida koʻrsatma berishdan bosh tortgan.
“Men bosh vazirning salomatligiga zarar yetkazishga qaror qildim, lekin hech kimni oʻldirish niyatim yoʻq edi”, — dedi u guvohlik berar ekan. U, shuningdek, bosh vazir omon qolganini bilib, xuddi shunday yengillik his qilganini aytdi.
Dastlab Cintulaga qotillik uyushtirishga urinish (oʻldirishga urinish) aybi qoʻyilgandi. Keyinchalik prokurorlar bu aybdan voz kechib, tergovchilar aniqlagan dalillarga asoslanib, uning oʻrniga yanada ogʻirroq — terror hujumi uyushtirish — moddasiga asosan ish qoʻzgʻatganini maʼlum qildilar. Biroq bu borada batafsil maʼlumot berilmadi.
Fitso avvalroq bu hujum bir shaxs tomonidan amalga oshirilmaganini daʼvo qilib, liberal muxolifat hamda ommaviy axborot vositalarini ayblagan edi. Biroq bu daʼvolarni tasdiqlovchi hech qanday dalil topilmadi.
Bosh vazir sud jarayonida ishtirok etmagan. Fitso ilgari oʻziga hujum qilgan shaxsni kechirganini va unga nisbatan adovati yoʻqligini aytdi.
Fitso uzoq yillardan beri Slovakiyada va undan tashqarida bahsli shaxs sifatida tanilgan. U 2023 yilgi parlament saylovlarida Rossiyaparast va Amerikaga qarshi shiorlar bilan olib borilgan kampaniyadan soʻng, oʻzining chap qanotdagi Smer (“Yoʻnalish”) partiyasi gʻalaba qozonib, toʻrtinchi marta hokimiyatga qaytgan edi.