Lavrov va Rubio boʻlajak Rossiya-AQSh sammitini muhokama qildilar
16 oktabr kuni Tramp Putin bilan telefon orqali suhbatdan soʻng, ular yaqin orada Budapeshtda uchrashishga kelishib olganliklarini maʼlum qilgan edi. Unda Ukraina masalasi muhokama etiladi.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Putin-Tramp sammiti masalasini davlat kotibi Marko Rubio bilan muhokama qildi.
Ikki prezident oʻrtasidagi uchrashuv Vengriyada boʻlib oʻtishi belgilandi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio 16 oktabr Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon suhbati davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratilgan aniq choralarni muhokama qildilar.
Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ikki yetakchi diplomat oʻrtasidagi suhbat yakunida bayonot berdi.
"20 oktabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio oʻrtasida telefon orqali suhbat boʻlib oʻtdi. Unda 16 oktabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSh Prezidenti Donald Tramp oʻrtasida boʻlib oʻtgan telefon suhbati davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yoʻlida mumkin boʻlgan aniq qadamlar yuzasidan konstruktiv muhokama boʻldi", — deyiladi vazirlik bayonotida.
16 oktabr kuni Tramp Putin bilan telefon orqali suhbatdan soʻng, ular yaqin orada Budapeshtda uchrashishga kelishib olganliklarini maʼlum qilgan edi. Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ham Moskva va Vashington ikki yetakchi oʻrtasida yangi uchrashuvga tayyorgarlikni tez orada boshlashini tasdiqlagan. Tayyorlov ishlari Lavrov va Rubio oʻrtasidagi telefon suhbati ortidan yaqin kunlarda boshlanishi kutilmoqda.
Tashqi ishlar vaziri shuni taʼkidladi: muhim jihat uchrashuvning joyi yoki muddati emas, balki Ankorijdagi kelishuvlarga asosan qoʻyilgan vazifalar boʻyicha amaliy siljishlarga qanday erishilishidir.
Eslatib oʻtamiz, 16 oktabr kuni Vladimir Putin va Donald Tramp oʻrtasida telefon orqali suhbat boʻlib oʻtdi. Davomiyligi ikki soatdan oshgan bu muzokaralarda davlat rahbarlari Ukraina mojarosi va uni tinch yoʻl bilan hal etish masalalarini, shuningdek, Rossiya va AQSh oʻrtasidagi hamkorlikning ulkan istiqbollarini muhokama qildilar.