platina.uz
Jamiyat

IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga start berildi

Ushbu hududda jami 6 ta bino – Sunʼiy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi. 

IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan IT-parkga tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.

Ikki yil oldin 200 million dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20–25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.

Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, elektron taʼlim, biotexnologiya va boshqa yoʻnalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda “IT-Park” rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, joriy yil yakuni bilan bu koʻrsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ortiq yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan taʼminlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sunʼiy intellekt yoʻnalishining oʻzida Oʻzbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.

– Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qoʻyilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qoʻygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan Oʻzbekiston oʻrtasida manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim oʻrin tutadi, – dedi davlat rahbari.

Loyihaga koʻra, “IT-Park” hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt boʻlgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.

Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sunʼiy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan “Sunʼiy intellekt xabi”ga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kapsula qoʻyib, “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid