Hokimlarning raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi
Vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida sohada sunʼiy intellektni rivojlantirishga ham javobgar boʻlishi belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida sohada sunʼiy intellektni rivojlantirishga ham javobgar boʻlishi belgilandi.
Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi.
Barcha vazirlik va hokimliklarga oʻz tuzilmasida sunʼiy intellektni rivojlantirish bilan shugʻullanadigan alohida boʻlinma tashkil qilish va ularning oldiga, eng avvalo, ish samaradorligi va xizmat sifatini oshirish, ortiqcha xarajat, “yashirin” iqtisodiyot va byurokratiyani qisqartirish kabi masalalarga sunʼiy intellekt orqali yechim topish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.
Yuqori koʻrsatkichga erishgan, xorijiy til biladigan, texnologik bilimi kuchli 100 nafar mutaxassis AQSh, Yevropa, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarga olti oylik kurslarga yuboriladi.
Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sunʼiy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.