Endi zilzilalar sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi
Dastlabki bosqichda oʻrta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab sunʼiy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori boʻlgan hududlarda kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
20 oktbyar kuni imzolangan “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident farmoniga koʻra, dastlabki bosqichda sunʼiy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi.
2026 yil 1 martdan boshlab bino va inshootlarning zilzilabardoshlik boʻyicha texnik holati sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi.
Shuningdek, respublikadagi “A-373” va “M-39” avtomobil yoʻllarida hamda ularga tutash togʻli hududlardan oʻtgan temiryoʻllarda koʻchki sodir boʻlishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtiriladi.
Farmon bilan madaniy meros obʼektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimini yaratiladi, seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasi raqamlashtiriladi va unga sunʼiy intellekt texnologiyalari tatbiq etiladi, qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini oʻrganish va ularning mustahkamligini oshirish choralari koʻriladi.