Pirimqul Qodirov: Ona tilim — mening Vatanimdir
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi ona tilimizning betakrorligi, uning oʻziga xosliklarini tadqiq etish boʻyicha doimiy izlangan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov ona tilimizning betakrorligi, uning oʻziga xosliklarini tadqiq etish boʻyicha doimiy izlangan. Ustoz bilan suhbatimiz bevosita ona tilimiz xususida boʻlgan.
— Ona tilining inson hayotida qanchalik yuksak oʻrin egallashini biz, ayniqsa, ulugʻ davlat arbobi va genial adib Zahiriddin Muhammad Bobur hayotida va ijodida koʻramiz. Maʼlumki, Bobur Mirzo umrining yarmidan koʻpini Afgʻoniston va Hindistonda yashab oʻtkazdi. Vatanidan yiroqlashgan odamlarning aksariyati ona tilidan ham uzoqlashib, ikkinchi tilda gapiradigan va yozadigan boʻlib qoladi. Ulardan farqli oʻlaroq, Mirzo Bobur boshqa mamlakatlarda yashaganda ham ona tilini sevib, sogʻinib va ulugʻlab yashadi.
Bobur Mirzo boshqa yurtlarga bosh olib ketgan vaqtda ham “Boburnoma”day buyuk asar yaratdi.
Hozirgi yoshlarimiz ona tiliga mehr qoʻyishda yana koʻp narsani oʻrganishlari mumkin. Axir “Boburnoma” singari ulugʻ epopeyani chet davlatlarda yashab, goʻzal turkiy (oʻzbek) tilda yozgani moʻʼjiza emasmi?!
Ona tilining ahamiyatini yuksak darajada tushungan Fapb yozuvchilaridan biri Alber Kamyu Jazoirda tugʻilgan boʻlsa-da, oʻz ona fransuz tilini mukammal bilib, uni hurmat qiladi. Buni uning quyidagi mashhur iborasidan ham payqash qiyin emas: “Fransuz tili — mening Vatanimdir”.
Yana Bobur Mirzo mavzusiga qaytaman. Ul buyuk zot Hindistonda yashaganda ona tilini xuddi Kamyu aytganday oʻzining Vatani deb his qiladi. Ana shu tuygʻu taʼsirida xorijda yashaganda ham, hamisha turkiy tilda oʻylaydi, yozadi va shu bilan goʻyo oʻzini tugʻilib oʻsgan Vatanida yashagandek his qiladi.
Mana, bugun oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni bayram sifatida oʻtkazmoqdamiz. Bu ham bir baxt. Ona tilimizga atalgan cheksiz mehr-muhabbatimizni nafaqat soʻzda, balki amalda hayotimizning barcha sohalarida eʼzozlab yashashga oʻrgangan odamlargina Bobur Mirzo, Kamyu kabi oʻz ona tilining qudratidan toʻliq foydalana oladilar. Ayniqsa, bugungi yoshlarimizda mana shunday intilish nihoyatda kuchli boʻlishini chin dildan istayman.
Bobur Nabi oqqa koʻchirgan.
2010 yil 21 oktabr