platina.uz
Madaniyat

Hokimlarning davlat tili boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

Hozirgi paytda ham koʻplab tashkilot, idora va muassasalarda rahbarlarning davlat tili boʻyicha maslahatchilari mavjud.

Hokimlarning davlat tili boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

2026 yil 1 yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

Bu haqda prezidentning 20 oktabrda imzolangan "Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorida soʻz boradi.

Qayd etish kerak, hozirgi paytda koʻplab tashkilot, idora va muassasalarda rahbarlarning davlat tili boʻyicha maslahatchilari mavjud.

Qaror bilan 2026 yildan boshlab:

  • taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodi yaratiladi;
  • maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha pedagoglar uchun oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqiladi;
  • maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lugʻatcham” rasmli lugʻat kitobi yaratiladi;
  • bolalarga oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqiladi.

2026 yil 1 iyunga qadar koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy qomusi” elektron shaklda tayyorlanib, eʼlon qilish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak.

2026 yil 1 dekabrga qadar “Ona tili. Qomus” kitobining nashrga tayyorlanib, chop etiladi.

2026 yil 1 mayga qadar oʻzbek tilini sunʼiy intellekt yordamida qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanadi.

2025 yil 1 dekabrga qadar:

  • yangi qabul qilinayotgan atamalar boʻyicha jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib boruvchi;
  • tasdiqlangan yangi soʻz va atamalarni oʻzida aks ettiradigan elektron reyestrni yurituvchi;
  • oʻzbek tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lugʻatlarini oʻzida jamlash va foydalanish uchun moʻljallangan elektron platformani yaratish boʻyicha ilmiy loyihaga tanlov eʼlon qilinadi.

Shuningdek, oʻzbek tili fani oʻqituvchilari oʻrtasida “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” respublika tanlovi oʻtkaziladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid