platina.uz
Jahon

Fransiyaning Luvr muzeyida yirik oʻgʻirlik roʻy berdi

Oʻgʻrilar jami sakkizta zargarlik buyumini — diadema, marjon, sirgʻa va toʻqnagʻichlarni olib ketgan. Ularning barchasi XIX asrga mansub. 

Fransiyaning Luvr muzeyida yirik oʻgʻirlik roʻy berdi

Fransiyaning Luvr muzeyida yirik oʻgʻirlik yuz berdi: qirollik zargarlik buyumlari oʻgʻirlandi.

19 oktabr kuni Parij markazidagi Luvr muzeyiga bir guruh jinoyatchilar zargarlik buyumlarini oʻgʻirlagan.

Yakshanba kuni ertalab Parijdagi mashhur Luvr muzeyida yirik oʻgʻirlik sodir etildi. Hodisa yuzasidan Parij prokuraturasi tergov ishini boshladi va ishni Banditizmga qarshi kurash brigadasi (BRB) zimmasiga topshirdi.

Oʻgʻirlik qanday sodir boʻlgan?

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oʻgʻirlik soat 09:30 dan 09:40 gacha — muzey tashrif buyuruvchilar uchun ochilganidan koʻp oʻtmay sodir boʻlgan. Toʻrt nafar oʻgʻri Sena daryosi boʻyidagi balkondan kirish uchun transportga oʻrnatilgan narvon yordamida Apollon galereyasiga chiqqan. Hodisa joyidan olingan suratlarda birinchi qavat derazasigacha yetib boruvchi mashinaga oʻrnatilgan narvon aks etgan.

Jinoyatchilardan ikki nafari batareyali disk kesuvchi yordamida oynalarni kesib, muzey ichkarisiga kirgan. Ular qoʻriqchilarga tahdid solgach, xodimlar binodan evakuatsiya qilingan. Shundan soʻng oʻgʻrilar ikki shisha vitrindagi zargarlik buyumlarini oʻgʻirlab ketishgan.

Fransiya Madaniyat vazirligining bayonotida aytilishicha, oʻgʻirlik vaqtida signalizatsiya tizimi ishga tushgan, xodimlar esa xavfsizlik protokollariga muvofiq harakat qilib, tashrif buyuruvchilarni himoya qilgan.

Bayonotda, jinoyatchilar tashqarida oʻz mashinasini yoqib yuborishga uringani, biroq muzey xodimlaridan birining aralashuvi tufayli bunga yoʻl qoʻyilmagani qayd etilgan.

Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati TF1 telekanaliga bergan intervyusida oʻgʻirlik videoyozuvlarida niqobli shaxslar “xotirjam holda” kirib, vitrinalarni sindirib buyumlarni olayotgani tasvirlangani haqida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, hodisa vaqtida hech kim jarohatlanmagan, va “zoʻravonliksiz, juda professionallik bilan amalga oshirilgan” jinoyat sodir etilgan. Dati oʻgʻrilarni “tajribali va puxta reja asosida harakat qilgan” deb taʼrifladi — ular ikki skuterda voqea joyidan yashiringan.

Oʻgʻirlangan buyumlar

Hokimiyat maʼlumotlariga koʻra, oʻgʻrilar jami sakkizta zargarlik buyumini — diadema, marjon, sirgʻa va toʻqnagʻichlarni olib ketgan. Ularning barchasi XIX asrga mansub boʻlib, ilgari Fransiya qirollik va imperator oilalariga tegishli boʻlgan.

Fransiya madaniyat vazirligining rasmiy roʻyxatiga koʻra, oʻgʻirlangan buyumlar quyidagilar:

-Imperatritsa Evjeniyaga tegishli diadema va broshka (Napoleon III ning rafiqasi);

- Imperatritsa Mariya Luizaga tegishli zumrad marjon va bir juft zumrad sirgʻa;

- Malika Mari-Ameliya va Malika Gortensaga tegishli safir toʻplamidan diadema, marjon va bitta sirgʻa;

“Muqaddas yodgorlik toʻqnagʻichi” nomi bilan tanilgan toʻqnagʻich.

Bu buyumlarning barchasi minglab olmos va boshqa qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.

Soʻnggi haftalarda Fransiya muzeylarida oʻgʻirlik holatlari koʻpaygan. Oʻtgan oyda oʻgʻrilar Limoges shahridagi Adrien Dubouché muzeyiga bostirib kirib, taxminan 9,5 million yevro (11 million dollar) qiymatga ega chinni buyumlarni oʻgʻirlashgan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid