Boliviyada AQSh bilan yaqinlashuv tarafdori boʻlgan nomzod prezident boʻladi
Mamlakatda sotsialistlarning bir necha oʻn yillik boshqaruvi tugaydi. Boliviya Janubiy Amerikaning eng kambagʻal davlatlaridan biri sanaladi.

Boliviyada boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida Xristian Demokratik partiyasi (XDP) nomzodi Rodrigo Pas gʻalaba qozondi.
Mamlakat Oliy saylov tribunali eʼlon qilgan dastlabki natijalarga koʻra, byulletenlarning 97 foizi sanab boʻlingan.
Ushbu natijalarga koʻra, oʻng markazchilar yoʻnalishini ifodalovchi 58 yoshli Xristian-demokratik partiyasi siyosatchisi 54,53% ovoz toʻpladi.
Uning raqibi, sobiq prezident, “Tuto” laqabi bilan tanilgan va konservativ kuchlar vakili Xorxe Kiroga saylovchilarning atigi 45 foizining qoʻllab-quvvatlashiga erisha oldi.
Yangi prezidentning rasmiy inauguratsiya marosimi 8 noyabrga belgilangan.
Boliviya tarixida birinchi boʻlib oʻtkazilgan saylovlarning ikkinchi bosqichida Rodrigo Pasning gʻalaba qozonishi Boliviya va Lotin Amerikasi siyosatidagi yetakchi soʻl harakati – Sotsializm tomon harakat partiyasining (MAS) 20 yillik hukmronligiga yakun yasadi.
Saylov kampaniyasi davomida Pas keng qamrovli islohotlar zarurligini taʼkidladi. U iqtisodiy erkinliklarni kengaytirish, ishlab chiqarish va savdoni ragʻbatlantirish, kichik va oʻrta biznes uchun qulay kreditlar berishni nazarda tutuvchi “hamma uchun kapitalizm” konsepsiyasini taqdim etdi.
Sobiq davlat rahbari Xayme Paz Zamoraning (1989–1993) oʻgʻli Rodrigo Paz soʻnggi 42 yildagi eng chuqur iqtisodiy inqirozlardan birida lavozimga kirishadi.