platina.uz
Jahon

Bangladeshda halokatli yongʻinlar: zarar 1 milliard dollar boʻlishi mumkin

Yonish sababini aniqlash uchun tergov davom etmoqda — yongʻinni oʻchirish uchun 27 soat vaqt ketgan.

Bangladeshda halokatli yongʻinlar: zarar 1 milliard dollar boʻlishi mumkin

Yongʻin natijasida kiyim-kechak, xomashyo va boshqa tovarlar butunlay yonib ketgan. Bu esa ayrim korxonalarning faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Hodisa tufayli parvozlar va aeroport faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

Bangladesh Xitoydan keyin dunyoda kiyim-kechak eksporti boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi. Mamlakat H&M, Walmart kabi global brendlarga mahsulot yetkazib beradi. Kiyim-kechak sohasi yiliga taxminan 40 milliard dollar daromad keltiradi va mamlakat YaIMning 10 foizdan ortigʻini tashkil etadi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalariga koʻra, yongʻinni oʻchirish jarayonida kamida 35 kishi jarohat olgan. Yongʻin chiqqan markazda matolar, farmatsevtika mahsulotlari, kimyoviy moddalar va boshqa tovarlar saqlanayotgan edi.

Bangladesh kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Inamul Haq Xonning aytishicha, yonib ketgan tovarlar orasida yangi xaridorlarni jalb etish uchun muhim loyihalar ham bor boʻlgan. “Bu holat ayrim korxonalarning kelajakdagi imkoniyatlarini yoʻqotishiga olib kelishi mumkin,” dedi u.

Bangladesh xalqaro havo ekspress assotsiatsiyasi dastlabki baholashlarga koʻra, zarar miqdorini 1 milliard dollardan ortiq deb qayd etgan. Kiyim-kechak assotsiatsiyasi esa aʼzolaridan yoʻqotilgan tovarlar roʻyxatini taqdim etishni soʻragan, bu orqali zararning aniq miqdori aniqlanishi kutilmoqda.

Shanba kuni sodir boʻlgan bu yongʻin bir hafta ichida Bangladeshda yuz bergan uchinchi yirik yongʻin boʻldi.

Oʻtgan seshanba kuni mamlakatda yuz bergan omborxona yongʻinida kamida 16 kishi halok boʻlgan, yana koʻplab odamlar jarohatlangan edi. Payshanba kuni esa Chattogʻ shahridagi yetti qavatli kiyim-kechak fabrikasida yongʻin chiqqan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, aholisi zich joylashgan Bangladeshda yirik yongʻinlar tez-tez sodir boʻladi. Soʻnggi yillarda mamlakatda yuzlab odamlar yongʻinlar oqibatida hayotdan koʻz yumgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid