platina.uz
Jamiyat

Navoiyda Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi qoʻlga olindi

Surxondaryoda tuman Majburiy ijro boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari va davlat ijrochisi, Toshkentda esa advokatlar ushlangan. 

Navoiyda Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi qoʻlga olindi

Navoiy, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida korrupsiya holatlari aniqlandi.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, “my.gov.uz” yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan murojaatga asosan, tumandagi savdo va maishiy xizmat koʻrsatish kompleksining yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi haqida ijobiy xulosa berish evaziga 3000 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs ushbu pul mablagʻini oʻzining xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Jarqoʻrgʻon tuman Majburiy ijro boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari va davlat ijrochisi oʻz xizmat mavqeilaridan foydalangan holda, boʻlim ish yurituvida boʻlgan ijro ishi doirasida 1993 y.t. fuqaroga nisbatan xorijga chiqishga qoʻyilgan taʼqiqni bekor qilib berish uchun 600 AQSh dollari hamda paxta va gʻalla yetishtiriga ixtisoslashgan fermer xoʻjalikka nisbatan yuritilgan ijro ishi doirasida xoʻjalikning yer maydonlarini auksion savdolarga chiqarmaslik evaziga 10 mln soʻm olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dallillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu kabi qonunbuzilishi Toshkent shahrida ham qayd etilib, unda, xizmat mavqeilaridan foydalangan holda moʻmaygina daromad topishni reja qilgan advokatlik byurosi advokati hamda advokatlik hayʼati advokatining noqonuniy harakatlari fosh etildi.

Xususan, ular Uchtepa tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov boʻlimi tomonidan Olmazor tumanida yashovchi, 1989 y.t. fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida unga qoʻllanilgan qamoqqa ehtiyot chorasini tanishlari orqali uy qamogʻi ehtiyot chorasiga oʻzgartirib berish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Olmazor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda ushbu ikki advokatga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-modddasi 3-qismi “a,v” bandlari va 28 orqali 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid