Toshkentda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik koʻchalar qurishga 1 trln soʻm ajratiladi
Shota Rustaveli koʻchasidagi tajribadan kelib chiqib, “BRT” tizimi asosida yana 10 ta koʻchada shunday qurilish ishlari boshlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan axborot berildi.
Taqdimotda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi.
774 gektar maydonda tashkil etilgan mazkur hududda hozirgacha 268 gektarda 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati esa 800 million dollarga teng. Yana 300 gektarda joylashadigan 30 ta loyiha boʻyicha investorlar aniqlangan boʻlib, umumiy investitsiyalarning hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.
Sanoat zonasini yanada kengaytirish va yangi quvvatlarni joylashtirish hisobiga ish oʻrinlarini yaratish, yuqori qoʻshilgan qiymatli hamda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.
Masalan, sanoat zonasi hududida 288 million dollar investitsiya hisobiga multimodal logistika terminali barpo etish loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Loyiha Dubayning “DP World” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Terminal ishga tushgach, poytaxt va Toshkent viloyatining logistika imkoniyatlari kengayadi, eksport va import operatsiyalari tezlashadi.
Poytaxtda yoʻl-transport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Shota Rustaveli koʻchasidagi tajribadan kelib chiqib, “BRT” tizimi (Bus rapid transit) asosida yana 10 ta koʻchada shunday qurilish ishlari boshlanadi.
Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, transport oqimini tartibga solish va shahar qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Kelgusi yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik koʻchalar qurish va sugʻorish tizimlarini yangilash ishlariga mahalliy byudjetdan 1 trillion soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi.
Prezidentimiz poytaxtdagi yangilanishlar insonlar uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga, iqtisodiy faollik va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Taqdimot davomida boshqa hududlardagi yirik loyihalar yuzasidan ham maʼlumot berildi. Jumladan, Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalari koʻrib chiqildi.