platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan dastur ishlab chiqiladi

Baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimi ham ishga tushiriladi. 

Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan dastur ishlab chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashdi.

Kasaba uyushmalari oʻtgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish boʻyicha katta tajriba toʻpladi. Xususan, ular “Ayollar daftari” orqali 4,5 million ehtiyojmand, kam taʼminlangan xotin-qizlarga yordam koʻrsatishda bosh-qosh boʻldi.

Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam boʻlib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Bu borada “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yoʻlida” degan shior asosida yangi tizimni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

Prezidentimiz ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha komissiya va Federatsiyani mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha yangi yondashuvlarni joriy etishga chaqirdi.

Uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qoʻllab-quvvatlash, qishloq joylarida ayollar bandligi va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirish taklif qilindi.

Har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari boʻyicha gender tenglikni taʼminlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi boʻyicha jamoatchilik nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot.

Soʻnggi besh yilda ular tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida, bunday holatlar ancha koʻpligi, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari koʻrib chiqilgani qayd etildi.

Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi boʻgʻin sifatida ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik koʻrsatishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini oʻrganish oʻttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qogʻozda yuritilmoqda.

Masʼul vazirlarga kasaba uyushmalari bilan birga baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi maʼlumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish hamda bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va unga yechim topish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.

Shu bois, Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sugʻurta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida eʼtibor qaratishi zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Ishlab chiqilayotgan “Munosib mehnat” dasturi jadal oʻsib borayotgan iqtisodiyotimizni ijtimoiy adolat bilan uygʻunlashtiradigan strategik “yoʻl xaritasi” boʻlishi aytildi.

Turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.

Shu bois, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtiroki aniq belgilab berilsa, adolatdan boʻlishi taʼkidlandi.

Yana bir masala – axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli maʼlumotlarni oʻz vaqtida, toʻgʻri yetkazish juda muhim.

Kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli ekani taʼkidlandi.

Eng katta auditoriyaga ega boʻlgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targʻib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni taʼminlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan boʻlib yetkazib borishi kerakligi qayd etildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid