"Oʻzbekiston temir yoʻllari" bu oyda 42 mlrd soʻm ajratdi
Toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlarda eng katta summa 14 mlrd soʻmni tashkil qiladi va u moliyaviy hisobotlarni tayyorlashga sarflanadi.

"Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ oktabr oyining shu vaqtiga qadar yirik davlat xaridlarini amalga oshirdi. Summaning jami 42 mlrd soʻmni tashkil qiladi.
Vagonlarni taʼmirlash va shu kabi taʼmirlash ishlari uchun jami 6,2 mlrd soʻm sarflanadi.


"Toshkent vagon deposi" hududida qayta qurish ishlarini amalga oshirish uchun esa 1,3 mlrd soʻm ajratiladi.

Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS) va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq buxgalteriya hisobi, boshqaruv va soliq hisobini amalga oshirish uchun hujjatlar toʻplamini ishlab chiqish boʻyicha konsalting xizmatlariga eng katta summa – 14 mlrd soʻm beriladi. Bu mablagʻ PricewaterhouseCoopers Central Asia and Caucasus B.V. kompaniyasiga oʻtkaziladi.

Shuningdek, muhandislik tarmoqlarini qurish, boshqa loyiha ishlari uchun 10,1 mlrd soʻm ajratiladi.

Bundan tashqari, yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem elektropoyezdlariga texnik xizmat koʻrsatish markazi (depo) va unga olib boruvchi shoxobcha temir yoʻl qurilishi 2-bosqichi uchun 10,3 mlrd soʻm sarflanadi.
