Mikroqarzlar reklamasida aholini moliyaviy xatardan ogohlantirish yoʻlga qoʻyiladi
Reklama maydoni va vaqtining kamida 10 foizi bunday xizmatlardan foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlar toʻgʻrisidagi ogohlantirishga ajratiladi.

Mikroqarzlar reklamasida aholini moliyaviy xatardan ogohlantirish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mikroqarz va isteʼmol kreditlari bozorida faollik ortib borayotgani kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, ayrim kredit tashkilotlari tomonidan agressiv marketing va reklama orqali aholi oʻrtasida bunday moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, natijada esa qarz yukining keskin oʻsishi kuzatilmoqda.
Aksar hollarda bunday qarz mahsulotlari reklama va targʻibot materiallarida aholining eʼtibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratiladi. Biroq, bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan moliyaviy xatarlari toʻgʻrisida yetarlicha maʼlumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, Raqobat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 43-moddasiga tegishli qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Mazkur takliflarga koʻra, aholiga taklif etilayotgan kredit, jumladan mikroqarzlar reklama qilinganda, reklama maydoni va vaqtining kamida 10 foizi bunday moliyaviy xizmatlardan foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy xatarlar toʻgʻrisidagi ogohlantirishga ajratilishi belgilanmoqda.
Ushbu tashabbus aholining moliyaviy xabardorligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilgan.
Raqobat qoʻmitasi fuqarolarni har qanday qarz majburiyatini olgan holda oʻz moliyaviy imkoniyatlarini aniq va masʼuliyatli baholashga, shuningdek, bunday xizmatlar bilan bogʻliq shartlar, foiz stavkalari va toʻlov majburiyatlarini diqqat bilan oʻrganishga chaqirgan.