platina.uz
Jahon

Britaniyalik siyosatchi: "Putin juda yomon odam"

"Reform UK" partiyasi yetakchisi Nayjel Faraj 10 yil avval Rossiya prezidenti haqida iliq fikrlar bildirgandi. Faraj NATO hududiga kirgan rus samolyotlari urib tushirilishi kerakligini ham aytdi. 

Britaniyalik siyosatchi: "Putin juda yomon odam"

Buyuk Britaniyaning "Reform UK" partiyasi yetakchisi Nayjel Faraj Rossiya prezidenti Vladimir Putin haqida keskin gapirdi. U Putinga “siyosiy faol sifatida hurmat qilaman, ammo inson sifatida emas,” dedi.

Nayjel Faraj Rossiya borasida “yumshoqlik qilmoqda” degan ayblovlardan soʻng Vladimir Putinni “juda yomon odam” deb atadi.

Faraj, shuningdek, NATO havo hududiga kirgan Rossiya samolyotlarini urib tushirish va muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukrainaga yordam uchun ishlatishni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Biroq Farajning raqiblari ilgari u Rossiya prezidentini maqtov bilan tilga olganini eslatib, uni Moskvaga nisbatan yumshoq munosabatda boʻlayotgan deb koʻrsatishga urinmoqda.

Ammo 16 oktabr kuni u Bloombergning The Mishal Husain Show dasturida chiqish qilib, oʻz pozitsiyasini yanada keskinlashtirdi. "Aniqki, Putin aqlan sogʻlom, mantiqan harakat qiladigan odam emas. Menga "sen Rossiyaga yumshoq munosabatdasiz" deyish — bu mutlaqo bemaʼnilik", dedi u. Faraj shuningdek, qoʻshimcha qildi:

“Shubhasiz, Putin juda yomon odam. Men aslida Tramp Putinni jilovlay oladi, ular qandaydir kelishuvga erishadi deb umid qilgan edim — xuddi yaqinda Gʻazo va Isroil oʻrtasida boʻlgani kabi. Ammo endi bunday boʻlmasligi ayon boʻldi.”

Oʻn yil oldin, undan “Siz eng koʻp qoyil qolgan jahon yetakchisi kim?” deb soʻrashganda, Faraj shunday javob bergan edi: “Agar siyosiy faol sifatida baholaydigan boʻlsam — inson sifatida emas — men Putinni aytgan boʻlardim. U Suriya masalasini qanday boshqargani — zoʻr edi. Lekin bu, men uning siyosatini yoqlayman, degani emas. Hozir necha nafar jurnalist qamoqda oʻtiribdi?”

Partiyasi yetakchisi 2014 yilda GQ jurnali chop etgan bu soʻzlari yillar oʻtib yana tilga olinayotganidan norozi ekanini bir necha bor bildirgan, u oʻsha paytda “mening gaplarim notoʻgʻri talqin qilingan”, deya izoh bergan.

Payshanba kungi intervyuda agar Rossiya samolyotlari ittifoqdosh davlatlar hududidan oʻtsa ularni urib tushirish kerak deya fikr bildirdi. Siyosatchi, shuningdek, muzlatilgan Rossiya aktivlari “agar ular noqonuniy yoʻl bilan olingan boʻlsa”, Ukrainaga kreditlar berish uchun ishlatilishi kerakligini aytdi.

Bundan tashqari, agar u bosh vazir boʻlsa va taraflar oʻrtasida tinchlik boʻlsa, BMT tinchlikparvar kuchi tarkibida Britaniya qoʻshinlari Ukrainada boʻlishini qoʻllab-quvvatlashi mumkinligini qoʻshimcha qildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid