Ustun mavqedan foydalangan davlat muassasasi jarimaga tortildi
"Oʻzyoʻlkoʻprik" klasterining Navoiy filiali asfalt-beton qorishmasi va qora sheben mahsulotlarini sotish boʻyicha tuzilgan shartnomalarda xaridor uchun kamsituvchi shartlar kiritgani aniqlandi.

"Oʻzyoʻlkoʻprik" klasterining Navoiy filialiga nisbatan chora koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ustun mavqega ega boʻlgan davlat reyestrida turuvchi “O‘ZYO‘LKO‘PRIK KLASTERINING NAVOIY FILIALI” davlat muassasasi tomonidan 2023-2025 yillar davomida asfalt-beton qorishmasi, asfalt-beton issiq qorishmasi, asfalt-beton sovuq qorishmasi va qora sheben mahsulotlarini sotish boʻyicha tuzilgan shartnomalarni amaldagi meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, ushbu korxona tomonidan 2023-2025 yillarda tuzilgan shartnomalarida xaridor uchun kamsituvchi shartlar kiritilgani maʼlum boʻldi.
Yaʼni bitta bandida yetkazib berilgan mahsulotlar haqini kechiktirilganligi uchun “Xaridor” kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 0,4 va 0,5% miqdorida, lekin shartnoma summaning 50 % dan oshmagan miqdorda penya toʻlashi qayd etilgan.
Shuningdek, yana bir bandida mahsulotlarni yetkazib berish muddatlari kechiktirilganligi uchun “Mahsulot yetkazib beruvchi” kechiktirilgan har bir kuni uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,4 va 0,5% miqdorida, lekin ushbu summaning 10%dan oshmagan miqdorda, penya toʻlash sharti kiritilgan. Bu holatda korxonada oʻz ustun mavqeidan foydalanish alomatlari mavjudligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasi talablari buzilganligi boʻyicha “O‘ZYO‘LKO‘PRIK KLASTERINING NAVOIY FILIALI” DMga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.