Toshkentdagi yangi aeroportni qaysi kompaniyalar qurishi maʼlum boʻldi
Loyiha Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Inhceon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda 4 bosqichda amalga oshiriladi.

Yangi aeroportni xalqaro konsorsium quradi.
Oʻrta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 300 gektar maydonda barpo etiladigan yangi xalqaro aeroport loyihasi Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Inhceon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Konsorsium tarkibi: Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi — 45%, Yaponiyaning “Sojitz Corporation” — 30%, Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” — 15% hamda Oʻzbekistonning “Uzbekistan Airports” — 10% ulushga ega boʻladi.
Loyiha 4 bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda 2,6 mlrd dollar investitsiya yoʻnaltiriladi. Shundan 1,8 mlrd dollar aerovokzal qurilishiga, 800 mln dollar esa aerodrom infratuzilmasini yaratishga sarflanishi koʻzda tutilgan.
Aeroport loyihasi Naco Consulting kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Yangi aeroport Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Boʻstonliq pullik avtomobil yoʻllariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yoʻl stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bogʻlanadi.
Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport boʻladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.
Bu loyiha mamlakatimizga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltirishi kutilyapti. 15 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qoʻyib, qurilishini boshlab berdi.