Prezident noqonuniy qurilishlarni tezkor oʻrganadigan tizim yaratish boʻyicha topshiriq berdi
Bosh prokuratura oldiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni oʻz vaqtida fosh etishda kosmik maʼlumotlardan samarali foydalanish vazifasi qoʻyildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktabr kuni kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanish kengayib bormoqda. Xususan, Prezidentning 30 sentabrdagi framoni bilan bu boradagi ishlar yangi bosqichga olib chiqildi, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi geologiya, yer munosabatlari va ekologiya sohasida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini oʻtkazishi belgilandi, agentlikning hududiy vakillari lavozimi joriy etildi.
Taqdimotda taʼkidlanganidek, endilikda kosmik tahlillar yordamida iqtisodiyotga katta turtki beradigan yangi imkoniyatlarni aniqlash lozim.
Respublikada har yili yuzlab foydali qazilma konlari va karerlar auksionga chiqarilyapti. Tadbirkorlarga imkoniyat yaratilib, konlarga sanoat olib kirilmoqda. Misol uchun, oʻtgan yili 170 ta, yil boshidan esa 172 ta kon auksionda sotilgan.
Lekin konlardan ruxsatsiz foydalanish muammosi hanuzgacha dolzarb ekani, yil boshidan kosmik monitoring yordamida 2 mingdan ziyod shunday holat aniqlangani qayd etildi.
Bosh prokuratura oldiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni oʻz vaqtida fosh etishda yer, ishlab chiqarish obʼektlari va konlarni sunʼiy yoʻldosh orqali tahlil qilish maʼlumotlaridan samarali foydalanish vazifasi qoʻyildi.
Soʻnggi yillarda oʻzboshimchalik bilan qurilgan 1 million 365 mingta uy-joyga kadastr rasmiylashtirib berilgan. Lekin haligacha bunday noqonuniy qurilishlarga toʻliq barham berilgani yoʻq. Yil boshidan 33 mingdan ziyod oʻzboshimcha qurilish aniqlangan boʻlsa, ularning koʻpi qishloq xoʻjaligi yerlarida joylashgan.
Shu munosabat bilan qisqa muddatda tegishli axborot platformalarini integratsiya qilib, noqonuniy qurilish holatlarini tezkor oʻrganish va bartaraf etish imkonini beradigan tizim yaratish topshirildi.
Taqdimotda kosmik monitoring asosida joylarda boʻsh turgan yerlarni aniqlash va iqtisodiy aktivga aylantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimizning oltita hududida olib borilgan oʻrganishlar natijasida 300 gektarga yaqin boʻsh yerlar aniqlandi. Birgina Toshkent shahrida 95 gektar boʻsh yer uchastkasi topilib, auksionga chiqarilgan.
Prezidentimiz bu yil yana 8 ta hududda, kelgusi yilda barcha tuman markazlarida oʻrganishlarni oxiriga yetkazish vazifasini qoʻydi.
Sohada xalqaro tajriba va ilgʻor yechimlarni faol joriy qilish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan loyihalar yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, kosmik maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yoʻl qoplamasi holati, temir yoʻl va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish, yoʻldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatimiz olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. 2028 yilda Samarqandda oʻtkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan topshiriq berildi.